Breaking News

Malikiy: Mazhablararo zo’ravonlik Suriyadan tarqalyapti


Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy nazarida Suriyadagi urush oqibatida uning mamlakatida ham mazhablararo mojarolar avj olmoqda.

“Mazhabchilik shunday bir baloki, u bir mamlakatdan boshqasiga tarqaladi. Mintaqaning bir nuqtasida boshlangan muammo bizgacha yetib keldi”, - deya Malikiy Suriyaga ishora qildi.

Hafta boshidan beri Iroqda 170 kishi halok bo’lgan.

AQSh rahbari Barak Obamaning ta’kidlashicha, Suriya hukumati o’z xalqiga qarshi kimyoviy qurol qo’llagani rost bo’lsa, ikki yillik mojaroga nisbatan yondashuv tubdan o’zgaradi.

Obama Oq uyda Iordaniya rahbari qirol Abdulla bilan uchrashuvdan so’ng bu haqda bayon qildi.

“Razvedka idoralari to’plagan dastlabki ma’lumotlar faktlar bilan tasdiqlanishi kerak. Mintaqadagi hamkor davlatlar hamda BMT ko’magida izchil tekshiruv o’tkaziladi”, - deydi AQSh prezidenti.

Oq uy rasmiylarining ma’lum qilishicha, isbot-dalil to’plash uchun aniq muhlat belgilanmagan, ammo Qo’shma Shtatlar har qanday chora ko’rishga tayyor. Suriya osmonini to’liq nazoratga olish, parvozlarni taqiqlash va Bashar al-Assad hukumatiga qarshi kurashayotgan isyonchilarga to’g’ridan-to’g’ri qurol uzatish kabi choralar haqida gap ketmoqda.

Ayni damda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Suriyaga xalqaro inspektorlarni jo’natish uchun ruxsat so’rayapti.

Tashkilot so’zlovchi Martin Nesirskiyning aytishicha, muxolifatga qarshi kimyoviy qurol ishlatilgani haqida jiddiy da’volar yangrayapti, shu bois ham Suriya rahbarlari missiyani zudlik bilan mamlakatga kiritishi lozim.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG