Breaking News

Suriya sharqida islomiy tartib. BMT qochqinlar oqimidan tashvishda


Suriya
Suriya
Suriya muxolifatiga ko’ra, isyonchilar Hims shahrining Baba Amr tumanini egallash maqsadida yirik hujum uyushtirgan. Isyonchilar roppa-rosa bir yil oldin tumandan siqib chiqarilgan edi. Prezident Bashar Assad qo’shinlari g’alabasini nishonlash uchun o’tgan yil mart oyida Baba Amrga borib, uni tiklashda yordam va’da qilgan edi.

Suriyada isyonchilar kabi hukumatga qarshi jang qilayotgan Jabhat al-Nusra fronti islomiy guruhi mamlakat sharqida mintaqaviy diniy kengash tashkil qilgan.

Oy boshida islomiy guruh Raqqa shahrini ishg’ol qilgan. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Jabhat al-Nusra fronti al-Qoidaga aloqador. Hukumat yengilsa, guruh mamlakatda islomiy tuzum o’rnatmoqchi ekanini yashirmaydi. Rasmiy Damashq Qatar va Saudiya Arabistonini islomiy jangarilarni moliyalayotganlikda ayblab keladi.

BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi rahbari Antonio Guterresning aytishicha, Suriyada fuqarolik urushi kuchayib borar ekan, mamlakatni tark etayotgan qochqinlar soni ko’paymoqda. Dekabr oyida kuniga uch ming odam Suriyadan qochgan bo’lsa, o’tgan oy bundaylar soni kuniga sakkiz mingni tashkil etgan.

"Bu vaziyat tobora yomonlashayotganidan dalolat. Agar ahvol shunday ketishda davom etsa va mojaroga chek qo’yilmasa, yil oxiriga borib qochqinlar hozirgidan ikki yoki uch baravar ko’p bo’lishi mumkin", - deydi BMT rasmiysi.

BMT hisobiga ko’ra, mamlakatni tark etgan suriyaliklar ayni damda bir million atrofida bo’lib, aksariyati Turkiya, Livan va Iordaniyada jon saqlamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG