Breaking News

Suriya armiyasi shimoldagi shaharlarni egallamoqda


Suriya hukumati qo’shinlari shimoldagi shaharlarga kirib, mahalliy kurd bo’linmalari bilan Turkiya hujumlarini qaytarishga hozirlanmoqda. Erdog’an hududdan kurdlarni haydab, arab qochqinlarini yurtiga qaytarmoqchi.

Turkiya amaliyotining birinchi haftasida kurdlar nazoratidagi Tal-Abyad shahri ulardan tortib olindi. Turk qo’shinlariga suriyalik arablardan iborat “Suriya Ozod armiyasi” guruhi jangchilari ko’maklashmoqda.

Bu o’rtada Suriya qo’shinlari shimoldagi bir necha shaharga, jumladan, Manbijga kirib, Kobani tomon yo’l olmoqda. Bir necha kun oldin Manbij AQSh harbiylari nazoratida edi.

Xabarlarga ko’ra, Rossiya qo’shinlari Turkiya va Suriya armiyasi to’qnashuvining oldini olish uchun oradagi hududni nazorat qilmoqda.

Rossiya kurdlar va Suriya hukumati o’rtasidagi bitimga vositachilik qilgani aytilmoqda.

Erdog’an ba’zi mamlakatlarning qo’shinlarni Suriyadan chiqarish da’vatini e’tiborsiz qoldirdi. Uning aytishicha, Turkiya avval chegara hududlarni terrorchilardan tozalashi kerak.

“Jarabulus shahrini ham terrorchilardan tozaladik. Ammo u yerda turklar qoldimi? Yo’q! Shahar mahalliy aholi qo’lida. Nahotki buni ko’rmayotgan bo’lsangiz? Yevropa Ittifoqi, Arab Ligasi buni ko’rmayaptimi? Axir siz Suriyani ligadan chiqarib yubormaganmidingiz?” – dedi Erdog’an.

Turkiya prezidenti Trampning iqtisodiy sanksiyalar qo’llash tahdidiga ahamiyat bermagan holda uning AQSh qo’shinlarini Suriyadan chiqarish qarorini olqishladi.

Yevropa Ittifoqi Turkiyaga qurol savdosini to’xtatishi haqida e’lon qilgani bilan tashkilot doirasida qurol embargosi joriy etilgani yo’q. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, Turkiya muhim ittifoqchi.

“Daishga qarshi amaliyotlarimizda barchamiz Turkiyadagi infratuzilmalardan foydalanganmiz”, - dedi u.

Stoltenberg Anqarani “Islomiy davlat”ni jonlantirishga yetaklovchi harakatlardan o’zini tiyishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG