Breaking News

Suriyadagi huquqiy ahvol xalqaro miqyosda tergov qilinadi


47 a’zolik kengash ko’pchilik ovoz bilan bu chorani ma’qullagan. Lekin Xitoy va Rossiya buni o’zga davlat ishlariga keraksiz aralashuv, deya qarshi ovoz bergan
47 a’zolik kengash ko’pchilik ovoz bilan bu chorani ma’qullagan. Lekin Xitoy va Rossiya buni o’zga davlat ishlariga keraksiz aralashuv, deya qarshi ovoz bergan

BMTning Inson huquqlari kengashi mart oyidan beri namoyishlar tinmayotgan Suriyada fuqaro huquqlari poymol etilayotgani haqidagi da’volarni xalqaro miqyosda tergov qiladi.

47 a’zolik kengash ko’pchilik ovoz bilan bu chorani ma’qullagan. Lekin Xitoy va Rossiya buni o’zga davlat ishlariga keraksiz aralashuv, deya qarshi ovoz bergan.

Guvohlar va huquq himoyachilarining aytishicha, Suriyada armiya hukumatga qarshi namoyishlarni bostirib, kechaning o’zida sakkiz odamni o’ldirgan.

Dushanba kuni BMT gumanitar delegatsiyasi Hims shahriga borganida, ularni yuzlab fuqaro kutib olgan. “Qaddafiy ketdi! Endi, Bashar, sening galing!” degan hayqiriqlar yangragan, askarlar odamlarni o’qqa tutgan. Olti kishi o’lgani ma’lum.

Xama shahrida o’xshash voqea kuzatilib, ikki odam nobud bo’lgan.

BMT Inson huquqlari oliy komissari Navi Pillay fikricha, Suriya rahbariyati zulm yo’lini tanlagan.

“G’alayon shu damgacha 2200 odamni hayotdan olib ketdi. Odamlar g’oyib bo’lib, o’ldirilmoqda, qiynoqqa solinib, doimiy ta’qib ostida. Jinoyat ko’lami insoniyatga qarshi jinoyatlar bilan barobar”, - deydi Navi Pillay. BMT rasmiysi jinoyatchilarni jazolashga undaydi.

Suriya rahbariyati o’lganlarning 200 dan ziyodi askarlar ekanini ta’kidlab keladi.

Inson huquqlari kengashining bu yig’inidan oldin Bashar al-Assad ma’muriyati huquq masalasida chora ko’rishga urindi: BMT gumanitar delegatsiyasini mamlakatga kiritdi, Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasiga esa namoyishlar davomida qamalgan fuqarolar bilan ko’rishishga ijozat berishini aytdi.

Bularga qaramasdan, deydi Amerikaning Inson huquqlari kengashidagi elchisi Eylin Donaxyu, Assadni hatto eski, ishonchli arab qo’shnilari qo’llab-quvvatlamay qo’ygan.

"Quvayt, Qatar, Saudiya Arabistoni va Iordaniya BMT Inson huquqlari kengashining qarorini ma’qullagan", - deydi u.

Elchi Donaxyu so’zlariga ko’ra, Arab Ligasi, Islomiy Hamkorlik Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi va prezident Barak Obama bir ovozdan Suriya ahliga qarshi zug’umni tugatishga undamoqda.

BMTning Qiynoqlar bo’yicha maxsus tergovchisi Xuan Mendez nazarida ham zo’ravonlik jazosiz qolmasligi kerak.

“Jabrlanganlar va qurbonlar oilalariga esa kompensatsiya berilishi shart”, - deydi u.

Suriyaning BMTdagi vakili Faysal Xabbaz Xamuiy fikricha, bu xulosalar noxolis, salbiy va quruq safsatayu yolg’ondan iborat.

Bu orada AQShning Suriyadagi elchisi Robert Ford bugun kutilmaganda janubdagi Daraa shahriga borgan. Shahar Assadga qarshi namoyishlar o’chog’i sanaladi.

Xabarlarga ko’ra, elchi Suriya hukumatining ruxsatini olgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG