Breaking News

Suriya armiyasi shimoldagi ikki shaharni isyonchilardan tortib oldi


Halab, 8-fevral, 2016-yil.
Halab, 8-fevral, 2016-yil.

Suriya armiyasi Eron jangchilari va Rossiya havo hujumlari yordamida shimolda harbiy amaliyotlarga zo'r bermoqda.

Natijada Halab shahri yaqinida isyonchilar nazoratidagi ikki shahar Suriya hukumati qo'liga o'tgan va armiya Turkiya chegaralari tomon yaqinlashmoqda. Prezident Bashar al-Assad kuchlari isyonchilarni Turkiyadagi ta'minot yo'llaridan uzib qo'ygan.

Amerika Davlat kotibi Jon Kerri dushanba kuni Vashingtonda Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr bilan ko'rishib, Suriyada sulhga erishilishiga umid bildirgan. Fuqarolar yashayotgan manzillarga insonparvarlik yordami yetib borishi uchun sharoit yaratish lozim, dedi AQSh bosh diplomati.

Muloqotdan keyin Saudiya Arabistoni Suriyada "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi olishayotgan koalitsiyaga yordam tariqasida piyoda qo'shin jo'natishni taklif qilgan. Qo'shma Shtatlar bu tashabbusni olqishlayapti. Tahlilchilar nazarida bu regional kuchlarning Suriyadagi urushga chuqurroq kirishini boshlab berishi mumkin.

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr Suriyaga aynan qancha askar, qachon jo'natilishini aytishdan bosh tortgan.

Amerika ittifoqchi bu davlatdan "Islomiy davlat"ga qarshi olishishda yordam so'ragan, mintaqa mamlakatlari bu yo'lda yetarli jonbozlik ko'rsatmayotganidan shikoyat qilayotgan edi.

AQSh Prezidenti Barak Obama Suriyaga amerikalik piyoda qo'shinlarni yuborishga rozilik bermay keladi. Vashington Yaqin Sharqdagi o'lkalar bu kurashga ko'proq hissa qo'shishi kerak deb hisoblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG