Suriyada AQSh terrorchi deb e’tirof etgan “Hayat Tahrir ash-Sham” islomiy guruhining jangarilari shimolda Halabni egallashi ketidan janubiy hududlarga ham yurish boshladi.
Milliy armiya va Rossiya harbiy-havo kuchlari Idlib va Halabda ularni havodan o’qqa tutmoqda.
Isyonchilarga Turkiya yordam berayotgani aytiladi, garchi Anqara buni ochiq tan olmasa-da.
Hozirgi to’qnashuvni 2011-yilda boshlangan fuqarolar urushining davomi deb ko’rsa bo’ladi.
Prezident Bashar Assad Rossiya va Eron yordamida hokimiyatda qolishga muvaffaq bo’ldi, garchi Idlib viloyati isyonchilar qo’lida qolgan bo’lsa-da.
Biroq Rossiyaning Ukrainadagi urushi va Isroilning Livanda “Hizbulloh”ga qarshi amaliyoti Assad ittifoqchilarining salohiyatini pasaytirdi va suriyalik isyonchilar ushbu fursatdan foydalanishga qaror qildi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Arag’chi uning mamlakati Suriya hukumati va armiyasini qo’llab-quvvatlashini bildirdi.
Arag’chi avval Damashqda Suriya prezidenti bilan ko’rishdi, so’ng Anqaraga yo’l olib, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan bilan uchrashdi.
Fidan Suriya mojarosida tashqi kuchlar qo’lini ko’rmaslikka chaqirib, Assad hukumati muxolifat bilan muloqot boshlashi kerakligiga urg’u berdi. Arag’chi esa aksincha Amerika va Isroilni aybladi.
“Bizdagi ma’lumotlarga ko’ra, Suriyada harakatlanayotgan terrorchi guruhlar Amerika va sionist tuzum bilan yaqin aloqada va harakatlarini ular bilan muvofiqlashtirmoqda. Bu guruhlar sionist tuzumning Falastin va Livandagi jinoyatlaridan chalg’itish uchun Suriyada beqarorlikni keltirib chiqarmoqchi”, - dedi Eron tashqi ishlar vaziri.
Ayrim manbalarga ko’ra, Suriya rahbari Erondan Turkiya bilan gaplashishni so’ragan. Damashq va Anqara 2011-yilda yomonlashgan aloqalarni tiklash ishtiyoqini bildirgan, Assad hatto Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bilan uchrashishi kerak edi. Assad munosabatlarni yaxshilashdan oldin Turkiya o’z qo’shinlarini Suriyadan olib chiqishi kerak, degan. Erdog’an chegaradosh hududlardagi suriyalik kurdlarni o’ziga dushman deb bilarkan, Suriyada harbiy harakatlarini to’xtatmoqchi emas.
“Hayat Tahrir ash-Sham” al-Qoidaga aloqador “Jabhat an-Nusra” terrorchi guruhidan tuzilgan tashkilot.
Unga qarshi kurashda Suriya armiyasiga yordam berish uchun Erondan va Iroqdan qurollangan shia guruhlari Suriyaga safarbar etildi.