Breaking News

Demokratiya shamoli bizga ham yetib kelar - Tojikistondan reportaj


Demokratiya shamoli bizga ham yetib kelar - Tojikistondan reportaj
Demokratiya shamoli bizga ham yetib kelar - Tojikistondan reportaj

Tojikiston fuqarolari qo’shni Qirg’izistondagi prezident saylovlariga befarqdek ko’rinadi. Aksariyat odamlar kunlik tashvishlari, ro’zg’or tebratish bilan band.

Ammo qo’shni davlatdagi muhim siyosiy tadbir mustaqil ommaviy axborot vositalari va ziyolilar e’tiboridan chetda qolmagan.

Tojikistonda nafaqat oddiy kishilar, aksar ziyolilar ham “So’g’d yulduzi”jurnali ma’sul kotibasi Tursunoy Do’smatova singari hech nima deya olmayman, xabarim yo’q deb qo’ya qolishadi.

Fikr bildirishdan cho’chiydilarmi, degan savolga iqtisodchi Ilhom Shodiyev “gap bu yerda qo’rqishda emas, odamlar ro’zg’or tashvishi bilan band, siyosat nozik narsa bo’lsa, unga qo’shilgilari kelmaydi” deydi.

Jarayonni kuzatayotgan ba’zi mahalliy tahlilchilar esa Qirg’izistonda kim prezident saylanishidan qat’iy nazar, u ham o’z vakolatini oxirigacha olib bormasdan hokimiyatdan ketishi mumkin, deb fikr bildirishadi.

Demokratiya shamoli bizga ham yetib kelar - Tojikistondan reportaj
Demokratiya shamoli bizga ham yetib kelar - Tojikistondan reportaj

Nima uchun degan savolga “vaziyat tahlili shunday xulosaga olib kelmoqda” deb javob qilishadi.

Sobiq sho’rolar tashqi razvedkasida ishlagan nafaqaxo’r Mamatxon Ishanov ham shunga o’xshash fikrda. U ayni holatda Qirg’izistonning tinchishiga ishonmaydi.

“Qirg’izistonda ilgari baquvvat kadrlar, judayam donishmand, bir nimaga tushunadigan odamlar ko’p edi. Oxirgi mahalda beodob, betartib odamlar chiqib Qirg’iziston xalqini notinch qilishga sababchi bo’ldi. Ular o’zlariga ham qiyin qilishdi, yomon og’ir kunlarga olib kelishdi. Shuning uchun, menimcha, yaqin o’rtalarda biror bir pastu-balandni biladigan, xalqqa rahmdil rahbar chiqsa kerak”, - deydi Ishanov.

Tojikistonning “Tirozi jahon” gazetasi muxbiri, jurnalist Mubinjon Rahmatov qariyb 20 kishi prezidentlik uchun nomzodini o’tkaza olganligini demokratiya taraqqiy etganligi nishonasi deb biladi.

Demokratiya shamoli bizga ham yetib kelar - Tojikistondan reportaj
Demokratiya shamoli bizga ham yetib kelar - Tojikistondan reportaj

“Bu yana shundan dalolat beradiki, qirg’iz xalqi shu yillar orasida arziguli rahbarlarni yetishtira olibdi. Bu yaxshi, lekin ikkinchi tomondan prezidentlik saylovi uchun bu juda ham ko’plik qiladi. Rostini aytsam, kim xohlasa hamma prezident bo’lib ketavermaydi-ku, xuddi anarxiyaga o’xshaydi. Lekin da’vogarlar orasida ancha yosh nomzodlar borligi u yerda yoshlarning faolligi va siyosiy saviyasi ortib borayotganini ko’rsatadi, ularning jahon siyosatiga qo’shilib borayotganini bildiradi. Xalq siyosiy faol bo’lsa, u mamlakatda davlatning albatta tez demokratlashishini ko’rish mumkin bo’ladi”, - deydi jurnalist.

Mubinjon Rahmatov Qirg’izistondagi siyosiy o’zgarishlar Tojikistonga ijobiy ta’sir o’tkazmasdan qolmaydi, deydi.

“Negaki, ularda siyosiy rahbarlik yangilanganidan, yaxshilanganidan so’ng davlatdorlik ham, iqtisod ham albatta rivojlanadi. Qo’shnilarda iqtisod yaxshilanganidan so’ng, o’z-o’zidan aloqalar kengayadi. Siyosiy aqida-o’zgarishlar bizga ham kirib keladi. Natijada biz ham ular singari siyosiy fikr-aqidalarimizni albatta oldinga sura olamiz”.

Tojikiston Islom Uyg’onish patiyasi faoli Hoji Naimjonning aytishicha, Qirg’izistondagi saylovlar demokratik jihatdan Tojikistondagidan tubdan farq qiladi.

“Demokratiya u yerda ancha-muncha rivojlangani ko’rinadi, albatta. Saylovlar natijasi, masalan, 40 foiz, 28-37 foiz chiqishi mumkin. Biznikida saylov natijalari faqat 80 dan ortiq foiz chiqa oladi. Bu voqeiyatga to’g’ri kelmaydi”, - deydi Hoji Naimjon.

“Shuning uchun aytamanki, Qirg’izistonda saylovlar biznikiga qaraganda yaxshiroq o’tadi”.

XS
SM
MD
LG