Breaking News

Tojikistonda sog'liqni saqlash eng og'ir masalalardan biri


Tojikistonda sog'liqni saqlash eng og'ir masalalardan biri
Tojikistonda sog'liqni saqlash eng og'ir masalalardan biri

Og’ir iqtisodiy sharoit, toza ichimlik suvining yetishmasligi, aholi to’g’ri va to’yib ovqatlanmasligi sabab yuqumli kasalliklarning oldini olish qiyin. Rasmiylar esa buni mavsumiy muammo xolos deydi.

Yetti yildan beri ekologiya va sog’liqni saqlash mavzusidagi qator loyihalarda ishtirok etib kelayotgan jurnalist Tilav Rasulzoda epidemiologik vaziyatni avvalo respublikaning geografik joylashuvi bilan izohlaydi.

“Bizda issiq kunlar ko’p. Ichimlik suvining sifati past. Shunga yuqumli kasalliklar ham tez-tez uchrab turadi. Bular orasida gepatit, bezgak, ich terlama kabilarni aytish mumkin. Sil kasali keng tarqalgan. Aholining yashash darajasi ham ta’sir qiladi”, - deydi u.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati boshqarmasi rahbari Navro’z Jafarov bu yil qish mavsumida Jahon So’g’liqni Saqlash Tashkiloti ko’magida Tojikistonga H1N1 virusi - cho’chqa grippiga qarshi 670 ming dona vaksina olib kelindi, odamlar emlandi, deydi.

Tojikistonda sog'liqni saqlash eng og'ir masalalardan biri
Tojikistonda sog'liqni saqlash eng og'ir masalalardan biri

“Bizdagi raqamlar vaziyat epidemiya darajasiga yetmaganidan dalolat beradi”, - deydi u.

Epidemiolog Baxtiyor Rahmatovning aytishicha, hozir Tojikistonda yuqumli kasalliklar mavsumi emas.

“Yuqumli kasalliklar bizda mavsumiy bo’lib, bahor oxiri, yoz oylarida uchraydi. Hozir yuqumli kasalliklar shifoxonlari deyarli bo’sh. Tumanlarda 50-70 o’ringa 4-5 bemor to’g’ri keladi”, - deydi Rahmatov.

Respublika shimolida hozir yosh bolalarda qichima-qo’tir teri yuqumli kasalligi uchramoqda. Ismini aytishni istamagan mutaxassisning aytishicha, kasallik oilada tez tarqaladi va serxarajat muolaja talab qiladi. Bu esa aholi turmushiga salbiy ta'sir qiladi.

Spitamen tumanidan bo’lgan uch farzandning onasi Sadorat o’g’lining boshiga toshgan yara butun oila a’zolariga tarqalganini, eskichasiga qaratib naf ko’rmagach, vrachlarga murojaat qilganini aytarkan, bir oy vaqt o’ti tuzalmadi, deydi.

“Doktorlar yaxshi diagnoz qo’yib berishmadi, mozorga olib bordim, chalpak qildim, buloq boshiga tanga tashladim…foyda ko’rmadik”, - deydi ona.

“Xo’jandga, oblast markaziga olib borib, hammamiz yaxshi bo’lib qolganmiz. Ikki oydan beri bolalarim maktabga borgani yo’q. Hozir oilalar shu kasallik bilan og’rib yuribti”, - deydi ayol.

Zulxumor, Sadoratning dugonasi ham jiyanlari shunday yuqumli kasalikka uchraganini aytadi. “Ulaning ikkovini ham ota-onalari Rossiyada. Yaralari toshib, tamom chalma bo’lib ketibti”, - deydi u.

Sadorat davolanish qimmatga tushayotganini, dori-darmon uchun qarz ko’tarishga majburligidan noliydi.

“150-200 somoniygacha (34-44 dollar) bor dorilar. Malhamlari ham qimmat ekan. Bizning sharoitimiz qiyin, bularni olishga qurbimiz yetmaydi. Bolalarimiz uchun qarz olib bo’lsa ham shuni davolashga harakat qildik”, - deydi ayol.

Uning nafaqat bolalari, balki o’zi va turmush o’rtog’i ham kasal.

Ayol shifoxonada davolanmaslikni ma’qul ko’radi. Buning sababi faqat iqtisodiy sharoitda emas. Yuqumli teri-tanosil kasalliklari shifoxonasi nomi xalq orasida noxush kayfiyat qoldiradi. Buni hech kim ochiq aytmasa-da, umumiy taassurot shunday.

Poliomiyelit, qoqshol kasali o’tgan yili xalqni ancha qo’rqitib qo’ygan edi.

Tojikiston shimolida epidemiologik vaziyatni yoritib kelgan tahlilchi, jurnalist Jo’ra Yusufiy keyingi yillarda respublikada og’ir yuqumli kasalliklar bartaraf etilganini aytadi.

“Mavsumiy yuqumli kasalliklar istasak-istamasak, ob-havo va boshqa omillar sabab paydo bo’lib turadi”, - deydi u.

“Hukumat epidemiya oldini olish uchun xalq orasida tushuntirish-targ’ibot ishlari olib boradi. Masalan, o’tgan yili nafaqat biz, qo’shni respublikalarni ham tashvishga solgan poliomiyelit kasalining oldini olish tadbirlari viloyatimizda juda yaxshi amalga oshirildi. Kasalllik respublika janubida bolalar o’limiga sabab bo’ldi, atrofdagi viloyatda, So’g’dda bunday holat kuzatilmadi”, - deydi jurnalist.

XS
SM
MD
LG