Breaking News

Tolibonning Qatardagi idorasi rahbari iste'foga chiqdi


Tolibonning Qatardagi siyosiy idorasi rahbari Tayab Ag’a iste’foga chiqqanini ma’lum qildi. Uning matbuotga bergan bayonoti o’tgan hafta harakat yetakchisi Mulla Umarning o’limi tasdiqlangandan beri guruh ichida bo’linish kuchayganini ko’rsatadi.

Tayab Ag’aning aytishicha, ikki yilga yaqin Mulla Umarning o’limini sir saqlash va uning izdoshini Afg’onistonning tashqarisida tanlash “tarixiy xato” bo’lgan.

Ag’aning bu da’vosi Tolibonning yangi yetakchisi Mulla Axtar Mansurning Pokiston qo’llab-quvvatlovi bilan saylangani haqidagi farazlarni kuchaytiradi. Harakatning bosh siyosiy muzokarachisi Mulla Umar o’limidan bexabar bo’lgan va ikki yildan buyon bu haqda aldab kelingan.

Tayab Ag’a muntazam ravishda Mulla Umardan audiomurojaat yuborilishini talab qilib kelgan, ammo bunga zarurat yo’q, deb uning iltimosi bajarilmagan.

Tolibonning media qanoti chiqargan videoda yuzlab odamlarning Mansurga bay’at qilayotgani aks etgan. Ammo marhum yetakchining oila a’zolari va bir necha Tolibon qo’mondoni Mansurni yoqlamagani aytiladi.

Tolibon ichidagi ziddiyatlar

Mulla Umarning yaqin safdoshi sanalgan Ag’aning aytishicha, u bundan buyon Tolibon nomidan muzokaralarda qatnashmaydi va afg’on yoki boshqa xorijiy delagatsiyalar bilan uchrashmaydi. Yangi rahbar jangchilar orasidan va Afg’oniston ichida saylanishi kerak edi, deydi u.

7-iyul kuni Pokiston mezbonligi va tashabbusi bilan o’tkazilgan ilk tinchlik muloqotida Tolibonning Dohadagi idorasi qatnashmadi.

Afg’on va Pokiston rasmiylarining aytishicha, Tolibon delegatsiyasi muloqotga Umarning o’rinbosari va guruhning siyosiy va harbiy ishlari rahbari Mansur ijozati va qo’llab-quvvatlovi bilan kelgan.

Pokiston tomonlar o’rtasida faqat vositachi sifatida ishtirok etayotganini aytadi. Mamlakat bosh generali Rashil Sharif Afg’on hukumati va Tolibon o’tasida ishonchli va davomiy tinchlikka erishishning yagona yo’li muloqot ekanini aytib, bunga qarshi bo’lganlar Afg’oniston va mintaqada xavfsizlik va barqarorlik o’rnatilishidan manfaatdor emasligini ta’kidlagan.

Mulla Umaring o’limi ikki yil o’tib tasdiqlandi

Afg’oniston hukumati Mulla Umarning o’limini delegatlar Tolibon bilan muloqotning ikkinchi bosqichini o’tkazish uchun Pokistonga jo’nab ketishidan bir kun oldin oshkor qildi.

Tolibon ham ko’p o’tmay bu xabarni tasdiqladi, ammo harakat yetakchisi va asoschisining qachon va qayerda o’lgani haqida ma’lumot bermadi. Tolibonga ko’ra, Mulla Umar AQSh Afg’onistonga 2001-yil bosqin uyushtirgandan beri mamlakatni tark etmagan va hech qachon Pokistonga bormagan.

Tayab Ag’a Mulla Umarning ikki yil avval o’lganini tasdiqlagan birinchi Tolibon rasmiysi bo’ldi.

Tolibon bo’linishlarni inkor qiladi

Tolibon so’zlovchisi Zabihullo Mujohid harakat ichida bo’linish yuz bergani haqidagi xabarlarni “dushman propagandasi” deya ta'rifladii. U, shuningdek, Mulla Umarning o’limini xotirlash uchun jamoat joylarida odamlarning yig’ilishiga rasmiy Kobul taqiq qo’yganini qoraladi.

Afg’on rasmiylariga ko’ra, bunday yig’inlar Tolibon zo’ravonliklaridan aziyat chekkan minglab odamlar qadrini oyoqosti qilish bilan teng bo’ladi.

Afg’oniston va Pokiston rahbarlari Tolibon bilan muzokaralar keyingi bosqichga ko’tarilganidan mamnun. Kuzatuvchilarga ko’ra, muloqotning qanday borishi yangi yetakchi Mansurning harakat ichida qanchalik qo’llab-quvvatlovga ega ekani bilan bog’liq.

Tolibonning sobiq tashqi ishlar vaziri Vakil Ahmad Mutavakkilning aytishicha, bu uchrashuvlardan tez orada samarali va davomiy tinchlikka erishish ehtimoli juda kam.

Unga ko’ra, Tolibon, avvalo, yangi yetakchiga qarshi bo’lgan ayrim a’zolarining e’tirozini bir yoqli qilishi kerak. Mansurning saylovi bilan bog’liq asosiy muammo shundaki, deydi Mutavakkil, uni tanlash uchun o’tkazilgan yig’in barchani to’liq qamrab olmagan. Ayni paytda Tolibon hozirgi urush sharoitida katta va barchani o’z ichiga oluvchi anjuman o’tkazish imkoniyatiga ega emas, deydi sobiq Tolibon rasmiysi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG