Breaking News

Tolibon Kobulda


Kobulni tark etayotgan odamlar
Kobulni tark etayotgan odamlar

AQSh harbiy kampaniyasi natijasida Afg’oniston poytaxti Kobul va umuman hokimiyatdan 2001-yil kuzida quvilgan Tolibon harakati 20 yil o’tib yana hokimiyatga qaytmoqda. Bugun toliblar shaharga kirgan.

So’nggi bir necha kunda o’ndan ortiq ma’muriy markazlarni osonlikcha qo’lga kiritgan Tolibonning Kobulga bu qadar tez kirishini hech kim kutmagan edi. AQSh Mudofaa vazirligi rasmiylari bunga 1 oydan 3 oygacha vaqt ketishi mumkin deya bashorat qilgan edi.

Ayni damda Tolibon markaziy hukumati bilan hokimiyatni tinch yo’l bilan qabul qilishni muhokama qilmoqda. Prezident Ashraf G’anidan keyin hokimiyatdagi ikkinchi odam Abdulla Abdulla shu maqsadda Qatar poytaxti Doxaga yo’l olgan. AQSh vakillari ham muloqotda qatnashadi.

Ichki ishlar vaziri lavozimini vaqtincha bajarayotgan Abdul Sattor Mirzakvalning aytishicha, toliblar Kobulni kuch bilan ishg’ol qilmaydi, hokimiyat tinch yo’l bilan ularga topshiriladi.

Kobulning vaqtincha boshqaruvchisi lavozimiga “Amerika Ovozi”ning sobiq jurnalisti, Afg’oniston sobiq ichki ishlar vaziri Ali Jaloliy ko’rilyapti. Biroq Tolibon bunga qanday munosabat bildirishi hozircha ma’lum emas.

Qo’shma Shtatlar Kobuldagi elchixonasi xodimlarini vertolyotda evakuatsiya qilishga majbur bo’ldi. Elchixonani yopib, evakuatsiya ishlarini xavfsiz amalga oshirish maqsadida AQSh Prezidenti Jo Bayden Afg’onistonga 5000 askar yuborishni buyurgan.

Bayden ma’muriyati Tolibonni Amerika diplomatlariga tegmaslikka chaqirib, aks holda qattiq javob berilishi haqida ogohlantirdi.

Shu bugunoq mamlakat sharqidagi Jalolobod shahri toliblarga jangsiz taslim bo’ldi.

O’tmishda ayollarning o’qish va ishlash imkoniyatlarini cheklagan toliblar bu gal siyosat liberalroq bo’lishi haqida aytmoqda. Tolibon so’zlovchisi Suhayl Shahinning aytishicha, harakat ayollar huquqlari, matbuot erkinligi va diplomatlarni himoya qiladi.

Shanba kuni shimolda afg’onistonlik o’zbeklar yashovchi Mozori-Sharif shahri ham qarshiliksiz toliblar qo’liga o’tgan. Yaqinda Turkiyadan qaytgan Marshal Abdul Rashid Do’stum va Balx viloyatining sobiq hokimi Atta Muhammad Nur, Do’stumning o’g’illari va unga sodiq odamlar shaharni tashlab, O’zbekistonga o’tgani aytilmoqda.

Nurning aytishicha, ular fitna qurboniga aylangan. "Reyter" axborot agentligining afg'on rasmiylaridan biri uzatgan ma'lumotga ishora qilib xabar berishicha, Afg'oniston Prezident Ashraf G'ani Tojikistonga yo'l olgan.

Germaniya ham elchixonasini yopishga qaror qildi. Rossiya esa aksincha vakolatxona yopilmasligini ma’lum qildi.

Afg’onistondan qo’shinlarini chiqarayotgan Qo’shma Shtatlar so’nggi 20 yil davomida harbiylariga yordam bergan afg’onlar uchun maxsus muhojirlik vizalarini rasmiylashtirmoqda. Biroq toliblarning tezkor g’alabalari jarayonni o’z vaqtida amalga oshirishga g’ov bo’ldi.

AQSh ayrim mamlakatlardan Amerika askarlariga tarjimonlik qilgan, AQSh moliyalagan loyihalarda ishlagan afg’onlarni hujjatlari ko’rilgunga qadar vaqtincha qabul qilishni so’ragan. Vashingtonning xavotir olishicha, ular Afg’onistonda qolsa, Tolibon qahriga uchrab jazolanadi.

Albaniya afg’on qochqinlarini qabul qilishga rozi bo’ldi. Viza hujjatlari rasmiylashtirilganidan so’ng ular AQShga yo’l oladi.

Kosovo ham AQSh iltimosini ko’rib chiqmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG