Breaking News

Tramp uchun medal yasagan afg'on o'ldirildi


Afg'onlar tomonidan Prezident Trampga berilgan oltin medal

Shu yil boshida AQSh rahbari Donald Tramp jasorati uchun yuksak mukofot bilan taqdirlansin, deya unga oltin medal yasagan yigit Tolibon tomonidan o'ldirilgan.

Tolibon bayonotiga ko'ra, Gul Nabi ismli afg'on Logar viloyatidagi bomba xurujida o'lgan.

Hukumat voqeani qoralab, toliblarni xalq qotillari deb atagan.

"Begunoh odamlarni o'ldirish gunoh. Terroristlarga la'natlar bo'lsin", - deydi general Muhammad Radmanish, Mudofaa vazirligi vakili.

Rasmiylarning aytishicha, Gul Nabi mashinasida portlab ketgan. Marhum, deydi uni yaqindan tanigan afg'onlar, Prezident Trampni Pokistonga nisbatan keskin siyosati uchun xush ko'rar edi. Ko'plab afg'onlar Pokistonni Tolibonni zimdan quvvatlab kelayotganlikda ayblaydi.

Trampga mukofot Nabi yashaydigan hududda jamoatchi faollar tomonidan berilgan. Yanvar oyida 300 dan ortiq odam qatnashgan tadbirda oltin medal Amerika rahbariga boshqalarga o'xshamas jasorati uchun berildi, deya aytilgan. Medal keyin AQSh elchixonasiga topshirilgan.

Pokiston Afg'oniston da'volarini, shuningdek, Vashingtondan ham kelayotgan tanqidni inkor etib, o'zini terror jabrdiydasi deya ta'riflab keladi. Aslida Afg'oniston Pokiston uchun tahdid makoni bo'lib kelgan, terrorchilar u yerdan keladi, deydi Islomobod rasmiylari.

Gul Nabining yaqinlari va uning qabilasi oqsoqollari fikricha, medal yasagan yigitning o'limida ham Pokistonning qo'li bor, chunki Trampga mukofot aynan shu davlatga nisbatan qattiqqo'l siyosati uchun berilgan. Tramp Pokistonga moddiy va harbiy yordamni cheklab qo'ygan. Tolibon Pokistonning tog'li qismlarida bemalol yuribdi va buning uchun sharoitni hukumat ta'minlamoqda, deb keladi Tramp.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG