Breaking News

Tolibon Mozori-Sharif bo'sag'asida. Aholi vahimada


Tolibon Afg’onistonning o’zbeklar yashovchi shimoliy hududlariga ham kirib borar ekan, Mozori Sharif aholisi vahimada. 7-avgustdan beri toliblar shimol va shimoli-sharqdagi besh viloyat poytaxtlarini ishg’ol qilgan.

Xalqaro hayot – 10-avgust, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:39 0:00

Shanba kuni Qunduz shahrida smartfonga tushirilgan mana bu kadrlar unga qo’shni Mozori Sharifda vahimaga sabab bo’ldi. Tolibon bu shaharga ham to’rt tomondan hujum qilganini ovoza qildi, biroq keyinchalik ma’lum bo’lishicha, janglar Mozori Sharifdan 20 kilometr narida bo’layotgan ekan. Biroq mish-mish tarqalib bo’lgan edi.

“Tolibonning kelayotgani biznesga zarar qilyapti – odamlar qochyapti. Do’konlarning yarmi yopilgan. Tolibon shahar tevaragida bo’lsa-da, odamlarni qo’rquv bosgan”, - deydi Muhammad Askar ismli bir odam.

Mozori Sharifning gavjum ko’chalarida hozir hech kim ko’rinmaydi. Odamlar bankomatlardan pulini shosha-pisha chiqarib olishga urinmoqda.

Dushanba kuni Samangon shahrining markazi Aybak Tolibon qo’liga o’tgan.

Tolibon to’rt kunda Aybak, Qunduz, Taxar, Juzjon, Saripul, Nimro’z kabi viloyat markazlariga kirgan. Hirot, Qandahor va Hilmandda hukumat askarlari bilan shiddatli janglar kechmoqda.

“Do’konga birov kirmay qo’ygan. Toliblar kelyapti. Shahar qulayapti. Odamlar Tolibon kelishidan xavotirda. Puli borlar qochgan. Kambag’allar qoldi, xolos”, - deydi Najibulla ismli yana bir odam.

Guvohlarning aytishicha, shaharda xavfsizlik kuchlari ko’p emas. Sayohat agentlarining bozori chaqqon – qurbi yetganlar qochyapti. Aviareyslar ko’paygan.

“Odatda Mozordan Kobulgacha 2-3 ta reys bor. Hozir 5-6 taga chiqqan. Oldin aviabilet bor tarafga 85 dollar edi. Hozir 113 dollarga chiqdi. Xavfsiz joyga chipta sotib olish uchun bugun agentligimizga 70 tacha odam keldi”, - deydi Samir ismli agentlik xodimi.

Kunning ikkinchi yarmida Afg’oniston armiyasi ijtimoiy sahifalarda video tarqatib, Tolibonning Mozori Sharif tevaragidagi Dihdadi tumaniga hujumini qaytarganini ma’lum qildi.

Balx poytaxti hozirch xavfsiz, ammo shaharda vahima va qo’rquv hukm surmoqda.

Afg’oniston Mudofaa vazirligining bildirishicha, bugun Qandahor viloyatidagi to’qnashuvlarda 47 tolib o’ldirilgan, 25 nafari yaralangan.

AQSh qo’shinlarini mamlakatdan chiqarar ekan, milliy armiya hujumlarini havo zarbalari bilan qo’llamoqda.

BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Mishel Basheletning xavotir bildirishicha, Afg’onistondagi zo’ravonliklarda tinch aholi jabr ko’rib, urush jinoyatlari sodir etilishi mumkin.

Agentlik so’zlovchisi Ravina Shamdasanining aytishicha, so’nggi bir oyda kamida 183 noharbiy o’lgan, salkam 1200 nafari jarohat olgan.

20 yil oldin hokimiyatdan ag’darilgan Tolibon mamlakatni yana o’z nazoratiga olishi xavotir bilan tilga olinmoqda.

"Bizga kelgan xabarlarga ko’ra, toliblar o’z nazoratidagi hududlarda ayollar va qizlarga mahramsiz ko’chaga chiqishni taqiqlab qo’ygan. Qoidalarni buzganlikda ayblangan ayollarni ko’chada kaltaklashayotgani haqida ham xabarlar bor”, - deydi Shamdasani.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG