Breaking News

Tolibon muvaqqat hukumat tarkibini e'lon qildi


Mulla Muhammad Hasan Oxun (sallada) Pokiston Tashqi ishlar vaziri Sartaj Aziz bilan Islomobod yaqinida (24-avgust)

Tolibon harakati Afg’onistonda yangi hukumat tarkibini e’lon qildi. Guruhning marhum asoschisi Mulla Umarning yaqin safdoshlaridan biri Mulla Hasan Oxund muvaqqat bosh vazir etib tayinlandi.

Xalqaro hayot – 7-sentabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:42 0:00

Harakatning siyosiy idorasi rahbari Mulla Abdul G’ani Birodar esa uning o’rinbosari. Ayrim manbalar yaqinda bosh vazirlik Birodarga tegadi deya taxmin qilgan edi. Bosh vazirning yana bir o’rinbosarlaridan biri etib Abdul Salom Hanafiy tayinlandi. U juzjonlik o’zbeklardan bo’lib, Tolibonning faol a’zolaridan.

AQShda terrorchi tashkilot deb topilgan “Haqqoniy” tarmog’i asoschisining o’g’li Sirojiddin Haqqoniy ichki ishlar vaziri, Mulla Umarning o’g’li Mulla Muhammad Yoqub esa mudofaa vaziri bo’ldi.

Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohidning aytishicha, hukumatning ismlari e’lon qilingan barcha a’zolari lavozimlarini vaqtincha bajarib turadi.

Tolibon rahbari Mulla Haybatulla Oxunzodaning yangi hukumatdagi roli hozircha ma’lum emas. U toliblar o’tgan oy Kobulni egallaganidan beri jamoatchilikka ko’rinmagan.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bugun Qatar poytaxti Doxada mahalliy rasmiylar bilan uchrashib, Afg’onistonda qolgan amerikaliklar va afg’onlarni evakuatsiya qilish masalasini muhokama qildi. Qatar amiri va mudofaa vaziri bilan uchrashuv chog’ida Blinken o’n minglab odamlarni Afg’onistondan evakuatsiya qilishdagi yordami uchun bu mamlakatga minnatdorchilik bildirdi.

Qatar Tolibon bilan aloqa qilishda muhim mamlakat hisoblanadi. Toliblarning siyosiy idorasi yillar davomida Qatarda joylashgan, AQSh bilan tinchlik muloqoti ham shu davlatda o’tkazildi.

Blinkenning aytishicha, muzokarachilar Tolibon bilan Afg’onistonni tark etishni istagan odamlar uchun charter parvozlarini tashkillashtirish xususida gaplashmoqda.

Qatar Tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon al Taniyning aytishicha, Kobul xalqaro aeroporti ayni paytda tijoriy reyslar uchun tayyor emas, uni ta’mirlash zarur.

Qatardan so’ng Blinken Germaniyaga borib, AQShning u yerdagi harbiy bazasida amerikalik askarlar va Afg’onistondan yaqinda chiqib ketgan qochqinlar bilan uchrashadi.

Blinken, shuningdek, afg’on qochqinlarini vaqtincha qabul qilib ko’chirishda yordam berayotgan 20 mamlakat vazirlari bilan virtual muloqot o’tkazishi kutilmoqda.

Afg’onistonda 9 oy harbiy xizmatni o’tab, evakuatsiya qilingan amerikalik askarlarning bir qismi oilalari bag’riga qaytdi. Xususan Nyu-York shtatidagi harbiy bazaga biriktirilgan 140 ga yaqin harbiy.

"Uyga qaytishganidan xursandmiz. Qizim otasini rosa sog’indi. Turmush o’rtog’im ham oilasini, chaqaloq o’g’limizni sog’ingan”, - deydi kapitan Sveyzi Braunning rafiqasi Jena Braun.

Braun qo’l ostidagi otryad Tolibon Kobulni egallaganidan so’ng mudofaa kuchlari xavfsizligini ta’minladi. “Fort-Dram” bazasiga Afg’onistondan qaytgan harbiylarning aksariyati bir necha kundan so’ng Germaniyadagi bazaga jo’nab ketdi.

Kobulda bir guruh ayollar Pokiston elchixonasi yonida to’planib, qo’shni davlatni Afg’oniston siyosatiga aralashayotganlikda ayblab namoyish qildi. Ularga ko’ra, Islomobod Tolibonni qo’llab-quvvatlamoqda, xususan Panjsherda Tolibonga qarshi kuchlar bilan janglarda.

Namoyishni yoritgan bir necha jurnalist shu joyning o’zidayoq hibsga olingani xabar qilinmoqda.

Keyinchalik ozod etilgan jurnalistlardan birining aytishicha, toliblar uning burnini yerga ishqalab, uzr so’rashni talab qilgan. Ijtimoiy sahifalarda hibsdagi qolgan jurnalistlarni ozod qilish talablari yangramoqda.

O’tgan shanba kuni Pokiston razvedkasining rahbari general-leytenant Fayz Hamid Kobulga borgan. Tashrifdan maqsad haqida xabar qilinmayapti, biroq Pokistondagi rasmiylardan birining aytishicha, Pokiston razvedkasi Tolibonga afg’on armiyasini qayta tuzishda yordam beradi.

Vashington Islomobodni ko’p yillardan beri Tolibonni qo’llab-quvvatlayotganlikda ayblab keladi. Pokiston bunday da’volarni inkor etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG