Breaking News

Tolibon bilan tinchlik muloqoti kelasi hafta boshlanishi kutilyapti


Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy (chapda) jurnalistlar savollariga javob bermoqda, Islomobod, Pokiston, 9-dekabr, 2015-yil.
Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy (chapda) jurnalistlar savollariga javob bermoqda, Islomobod, Pokiston, 9-dekabr, 2015-yil.

Pokiston rasmiylari "Amerika Ovozi" bilan suhbatda xalqaro hamjamiyat nazoratida o'tadigan tinchlik jarayoni Afg'onistonda kelasi hafta jonlanishi mumkinligi haqida ma'lum qildi.

Afg'oniston va Pokiston o'rtasidagi azaliy shubha va ishonchsizlik sabab muloqotga boshqa davlat vakillari ham taklif etilgan.

Shu kungacha Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif, Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani, AQSh va Xitoy rasmiylari o'rtasida bir necha ikkitomonlama, uchtomonlama, to'rttomonlama uchrashuvlar bo'lib o'tgan.

Pokiston armiyasi rahbari general Rahil Sharif va Afg'oniston prezidenti o'rtasida kechgan uchrashuvda ham afg'on tinchlik jarayonini jonlantirish xususida gap ketgan.

Uchrashuvdan xabari bor rasmiylarning "Amerika ovozi"ga yetkazishicha, muloqot "juda ijobiy ruhda" kechgan.

"Muloqotni qolgan joyidan davom ettirishga kelishib oldik. Erishilgan yutuqlarni boy bermaslik uchun kerakli choralarni ko'ramiz", - dedi o'z nomini oshkor qilishni istamagan rasmiylar.

Uchrashuvlarda, shuningdek, Pokistonning isyonchi guruhlarga ta'sir o'tkazish imkoniyatlari ham tilga olingan. Tolibonni muzokaralar stoliga qaytarish uchun barcha choralar ko'riladi, deydi rasmiy muloqotlardan xabardor ichki doiralar.

Sal avvalroq Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy ham Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini boshlash bo'yicha kelishuvga erishilganini tasdiqlagan edi.

Vazirning aytishicha, barcha tomonlar tinchlik o'rnatishning eng yaxshi yo'li muloqot ekaniga ishonch hosil qilgan.

Tolibon bilan tichlikka erishish uchun hukumat yangi shart va talablar qo'yayotgani yo'q; hammasi muzokara boshlanganidan so'ng gaplashiladi, deydi Rabboniy.

"Zo'ravonlikni rad qiluvchi, Afg'oniston konstitutsiyasini qabul qilib, qurolsizlanish va yarash jarayoniga qo'shilishni istagan barcha muxolif guruhlarni muloqotga taklif etamiz", - deydi Afg'oniston tashqi ishlar vaziri.

"Muzokaralarda Islomobodning samimiy ishtirok etishiga ishonchingiz komilmi" degan savolga Rabboniy "Pokiston hukumati tinchlik o'rnatilishidan manfaatdor ekaniga bizni ishontirdi", deya javob berdi.

Tolibon tinchlik jarayoni boshlanayotgani haqidagi xabarlarni hali tasdiqlagani yo'q.

Muloqotning dastlabki bosqichi shu yilning iyul oyida Islomobod yaqinida bo'lib o'tgan edi. Ammo Tolibon yetakchisi Mulla Umarning bundan ikki yil oldin qazo qilgani ayon bo'lgach hamda bu xabarning ommadan va harakat a'zolaridan sir tutilgani fosh bo'lgach, muzokaralar to'xtab qoldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG