Tolibon AQSh bilan muloqotga tayyor

  • Amerika Ovozi

Tolibonning Qatardagi idorasi

Afg'oniston toliblari Qatardagi idorasi rasmiy vakolatxona sifatida tan olinishini talab qilmoqda. Ular, shuningdek, AQSh bilan muzokaraga shay ekanini aytadi. Tolibon uning a'zolari BMTning qora ro'yxatidan olib tashlanishini xohlaydi. Urushni to'xtatish uchun asosiy shartlar shu.

Amerika Afg'onistondagi kuchlarini butkul olib chiqmas ekan, qurolli hujumlar ham davom etaveradi, deydi Suhayl Shahin, Tolibon matbuot kotibi, Dohadan turib gapirar ekan.

Tolibon nazarida dunyo Afg'onistonga suveren davlat sifatida qarashi shart. Bu degani xorijiy kuchlarga u yerda joy yo'q, deydi jangarilar.

“Bosqinchilikni tugatish uchun biz AQSh bilan gaplashishga tayyormiz”, - deydi Shahin.

Tolibon jangarilari
Tolibon jangarilari

Vashington Tolibonning shartlaridan xabardor.

"Tinchlik va murosa tarafdorimiz. Afg'oniston hukumati va Tolibon til topishishi kerak va kelishuv xalq manfaatlariga asoslanishi lozim. Zo'ravonlik, qon to'kish bas qilinishi shart. Tolibon Afg'oniston konstitutsiyasini tan olishi kerak. Xalqaro terror tizimlari bilan aloqani uzishi shart. Xotin-qizlar va boshqa elat va dinlarning manfaatlarini tan olib, ularning huquq va erkinliklariga raxna solmasligi lozim", - deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Dohadagi idora norasmiy qarorgoh hisoblanadi va Qatar, agar istasa, uni yopishi mumkin. Amirlik Amerikaning hamkori. 2013-yilda ochilgan vakolatxona Kobul tomonidan qoralanadi. Afg'oniston hukumati uni tan olmaydi.

Prezident Ashraf G'ani BMTdan Tolibonning rahbari Mulla Haybatullani global terrorist deb e'lon qilishni so'ramoqda.

Kobul o'z shartlarini qo'yib, Tolibon bilan murosaga tayyor emasligi haqida ogohlantirar ekan, qo'shni Pokistondan ham norozi. Islomobod toliblar bilan apoq-chapoq va bu orqali Afg'onistonga siyosiy bosim o'tkazishga harakat qiladi, deydi G'ani.

Pokiston va Afg'oniston rahbarlari
Pokiston va Afg'oniston rahbarlari

Tolibon esa asosiy ildizi va faoliyati Afg'onistonda ekanini bayon etadi. Lekin yetakchilari hali ham Pokistonda, deydi Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy.

Pokiston Tashqi ishlar vaziri Nafis Zakariya Kobul aybni Islomobodga qo'yib, o'zining oldidagi mas'uliyatlaridan qochishga urinadi, deydi.

“Pokiston hamisha qo'lidan kelgan barcha chorani ko'rib, terrorizmga qarshi kurashib kelgan. Lekin Afg'oniston eski pozitsiyasidan qaytmaydi. Muammolarda bizni ayblaydi. Biz ular bilan hamkorlikka tayyormiz", - deydi Zakariya.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG