Breaking News

Afgʻoniston shimolida faollashgan Tolibon Tojikistonga xavf sola oladimi?


Qurolli afg'on guruhlari Tolibonga qarshi safarbar etilmoqda

AQSh qoʻshinlari Afgʻonistondan chiqib ketishi ortidan Tolibon harakati (faoliyati Tojikistonda taqiqlangan) qayta jonlanishi taxmin qilinmoqda. Xususan, Tojikiston chegarasiga yaqin Qunduz viloyatida bir necha tuman toliblar nazoratiga o’tgan. Afg’oniston armiyasining jang maydonida yengilgan 100 dan ortiq askari jon saqlash maqsadida Tojikistonga chekinishga majbur bo’ldi.

Afgʻoniston shimolida hukumat kuchlari va toliblar o’rtasida davom etayotgan shiddatli janglar Tojikistonga qanday taʼsir qiladi? Tolibon Tojikiston barqarorligiga xavf solishi mumkinmi?

22-iyun oqshomida Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi Chegara qoʻshinlari kunida 134 nafar afgʻon harbiysi “Panj” chegara otryadining 3- va 4-chegara oʻtish nuqtasi orqali Tojikistonga chekinganini, 4 nafarining jarohat olganini, birining oʻlganini ma’lum qildi.

Tojikiston Chegara qoʻshinlari matbuot xizmatining rasmiy maʼlumotlariga koʻra, Tolibon jangarilari 21-iyun kuni Afgʻonistonning Qunduz viloyatidagi Sherxon-Bandar chegara komissarligiga hujum qilib, keyingi ikki kunlik toʻqnashuvlarda Kobul hukumatining halok boʻlgan, jarohat olgan va asirga tushgan harbiylari soni 100 ga yetdi. Bu haqida Tolibon matbuot kotibi Zabihulla Mujohid ham “Twitter” orqali maʼlumot tarqatdi. Uning aytishicha, asirlar qurol-yarogʻi bilan Tolibon tomoniga oʻtgan.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi bergan maʼlumotga koʻra, “soʻnggi 10 kun ichida Afgʻonistonning Tojikiston bilan chegaradosh toʻrt viloyatida hukumat kuchlari va Tolibon oʻrtasida qurolli toʻqnashuvlar boʻlganligi haqidagi xabarlar tasdiqlandi.

“Natijada, Toxar viloyatining Chohob, Yangi Qal’a, Darkad, Dashti Qalʼa, Xojagori tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qalay Zoli tumanlari, ikkita nazorat punkti – “Sherxon-Bandar” va “Kokul” Tolibon qoʻliga oʻtgan”, deyiladi ma’lumotnomada.

Ayni paytda mintaqada vaziyat juda murakkab va xatarli ekani aytilmoqda.

22-iyun kuni BMTning Afgʻonistondagi maxsus vakili Debora Lions shunday dedi:

“Tolibon may oyidan beri Afgʻonistonning 370 ta tumanidan 50 tasini egallab oldi. Tolibon nazoratiga o’tgan hududlarning aksariyati viloyat poytaxtlari atrofida joylashgan. Xorijiy qo’shinlar to’liq chiqarilishi bilan toliblar poytaxtlarga ham hujum qiladi degani bu”.

1344 kilometrlik chegaraga ega Tojikistonga Afgʻoniston harbiylarining chekinishi birinchi marta kuzatilmoqda. Sherxon-Bandar nazorat punkti Qunduzdan 50 kilometr narida va Tojikistonning Panj tumani bilan chegaradosh. Panj daryosining narigi tomonida joylashgan punktni Tojikistondan 700 metrlik koʻprik ajratib turadi. Ushbu koʻprik 2007-yilda Tojikiston va Afgʻoniston oʻrtasida savdo-sotiqni rivojlantirish maqsadida ishga tushirilgan edi. U orqali kun davomida 1000 ga yaqin yuk mashinalari oʻtadi.

Tojikiston hukumati Afgʻoniston bilan chegarada jangovar tayyorlikni kuchaytirishni buyurgan, har daqiqada vaziyat oʻzgarishi mumkinligini hisobga olib, kuchaytirilgan navbatchilik joriy qilingan.

Afgʻoniston bilan chegaradosh Togʻli Badaxshon muxtor viloyati raisi Yodgor Fayzovning aytishicha, viloyat hududida afgʻon qochqinlarini qabul qilish uchun joy tayyorlangan.

“Afgʻonistondagi xatarli vaziyat bizni ichki tinchlikni taʼminlash uchun kerakli choralar koʻrishga undaydi. Chegarani buzib kirishlari ehtimoli paydo boʻlishi ortidan harbiylar kuchaytirilgan holatga oʻtkazildi. Iqtisodiy holatimiz va siyosiy vaziyatni hisobga olib, 10 ming nafardan ortiq afgʻon qochqinlarini qabul qilish va ularga gʻamxoʻrlik qilishga tayyorgarlik koʻrdik”, - deydi Fayzov.

Tojikiston Mudofaa vaziri general-polkovnik Sherali Mirzo chegara hududga safar qilib, vaziyatni oʻrganmoqda.

23-iyun kuni Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Joʻmart Toqayev bilan telefonda muloqot qildi. Tojikiston prezidenti matbuot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, tomonlar muloqot paytida Afgʻoniston shimoli va shimoliy-sharqida vaziyat tubdan oʻzgarganligidan xavotir bilidirishgan. Mintaqada xavfsizlikni taʼminlash uchun oʻzaro fikr almashishgan.

23-iyun kuni Dushanbe shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar xavfsizlik kengashi kotiblarining 16-yigʻilishida ham Afgʻonistondagi vaziyat Emomali Rahmon ishtirokida muhokama etilib, tashkilot mintaqa xavfsizligiga jiddiy eʼtibor qaratishi maqsadga muvofiq ekanligi taʼkidlandi.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham 23-iyun kuni Xalqaro xavfsizlik boʻyicha Moskva konferensiyasida Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan xavotir bildirgan.

“Afgʻonistondan NATO kuchlari chiqarilganidan soʻng, salbiy oqibatlarga olib keladigan fuqarolar urushi qayta jonlanishi ehtimoli katta; aholi hayotining yanada yomonlashishi, ommaviy migratsiya, ekstremizmning qoʻshni davlatlarga tarqalishiga olib kelishi mumkin”, – degan Shoygu.

Rossiya va Tojikiston mudofaa vazirlari shu yilning aprel oyida ham bu masalani muhokama qilib, “AQSh va NATO qoʻshinlari Afgʻonistondan ketganidan soʻng qoʻshni davlatlarga giyohvand moddalar savdosi va qurol kontrabandasi kuchayishi ehtimolini borligini, vaziyat yomonlashayotganini taʼkidlab, Moskva va Dushanbe Afgʻonistondan keladigan xatarlarni bartaraf etish yoʻlida hamkorlik qilishiga kelishib olishgan edi.

23-iyun kuni Afgʻoniston Mudofaa vazirligi hukumat qoʻshinlari 200 dan ortiq tolibni yoʻq qilib, shimoldagi 5 ta tuman ulardan ozod etilgani haqida maʼlumot tarqatdi.

Kuzatuvchilarning fikricha, ayrim rayonlar toliblardan ozod etilganiga qaramay, umuman olganda, mintaqada vaziyat murakkab va xatarliligicha qolmoqda.

“Mintaqadagi vaziyat alohida oʻrganishni taqozo etadi. Holat juda murakkab va har lahzada boshqa tomonga oʻzgarib ketishi mumkin. Afgʻoniston Mudofaa vazirligi kuchlari va shimoldagi turli liderlar yetakchiligidagi kuchlar toliblarga qarshi birlashsa, ular ustunlikka erishishi mumkin”, - deydi Afgʻoniston boʻyicha tojikistonlik tahlilchi Irshod Sulaymoniy.

Ammo baʼzi mutaxassislar fikricha, Tolibon Tojikistonni oʻziga raqib koʻrmaydi. Tojik-qirgʻiz chegarasidagi qurolli toʻqnashuvlar ortidan Tolibon har ikki davlatni muammoni muzokara yoʻli bilan hal etishga chaqirgan edi. Zabihullo Mujohid “Twitter” orqali “Islom amirligi ikki islom va birodar mamlakatni oʻz muammolarini muloqot yoʻli orqali hal etishga chaqiradi”, deb yozgan edi.

Tojikistonlik siyosiy sharhlovchi Nuriddin Qarshiboyevning aytishicha, Tolibon bundan 15-20 yil oldingi harakat emas. Ular jahon siyosiy maydonida ham oʻz oʻrni boʻlishini istaydi.

“Toliblar bungan 20 yillar oldingidek faqatgina bir jangari guruhi emas. Ular siyosiy jihatdan ham yetishib kelmoqda. Bugungi kunda ular jahon hamjamiyati siyosiy maydonida oʻz oʻrni, mavqei boʻlishini istaydi”, - deydi Qarshiboyev.

Tahlilchi Ravshan Qosimovning nazarida, “shu kunlarda tojikistonliklar Tojikistonga chegaradosh hududlarda Tolibon mujohidlari olib borayotgan janglardan xavotir olib, tashvishga tushmoqdalar. Ammo bu xavotirlar oʻrinli emas.

“Tolibon Tojikistonga kirmaydi, ularning bunday niyati yoʻq. Tolibon rahbariyati mudom buni taʼkidlab kelgan. Ular “oʻz muammolarimiz oʻzimizga yetarli” deb kelishmoqda, hamma vaqt aldovdan chetda turganlar, ularni aldashsagina oʻch olganlar. Oʻshanda ham oʻz mamlakatlari hududida. Hozircha Tolibonning Afgʻonistondan tashqarida terroristik amaliyot olib borgani haqida rasmiy maʼlumot yoʻq. Anglashimcha, boʻlmaydi ham”, - deydi tahlilchi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG