Hayot sifati yaxshilanib borarkan, insoniyat uzoqroq umr kechirmoqda. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining aniqlashicha, odamlar uzoq umr ko'rayotgani sari yolg'iz yashovchi qariyalar soni ham ortib bormoqda. Yolg'izlik depressiya, jamiyatdan ajralib qolish kabi muammolarga yetaklashi mumkin. Las-Vegasdagi Elektronika iste’molchilari ko’rgazmasida qariyalar uchun yaratilgan maxsus robot namoyish etildi.

​“Elli-Q”ning na oyoq-qo’li, na yuzi bor. U umuman inson qiyofasiga yaqin bo’lmagan robot. Biroq gapiradi, suhbatdoshini faol muloqotga chorlaydi.

"Kun bo'yi o'tiribsiz. Bunaqada maqsadingizga erisha olmaysiz. Yurishingiz kerak", - deya eslatadi robot.

Robot muloqotni jonlantirish uchun suhbatdosh harakatlariga taqlid qila oladi, hatto askiyalar aytadi.

"King Kong nega baland binoga tirmashib chiqqan? Chunki liftga sig'magan", - deya hazil qiladi u.

“Elli-Q” yaratilishida hamkorlik qilgan Dor Skuler uni shunchaki gapirib turadigan robotlardan farqli, faol yordamchi deydi.

U qo’ng’iroqlarga javob beradi, elektron xatlarni o’qiydi, hatto musiqa chaladi.

Bunday robot orqali dunyoda kuchayib borayotgan demografik muammoni hal qilish maqsad qilingan.

“Demografik o’zgarish dunyoni o’zgartirmoqda. Masalan, Xitoydagi bittagina farzand ko’rish siyosati aholining qarishi, keksalar ko’payishiga sabab. Yoki Yevropa. U yerda bir necha o’n yillardan buyon tug’ilish keskin kamaygan. Bularning hammasi global muammoga yetaklaydi”, - deydi "Sezgi robotlari" kompaniyasidan Dor Skuler.

Robotlar faqat keksalar uchun.

“Maqsad qariyalarni harakatsizlikdan asrash, jamiyatdan uzilmasligini ta’minlash”, - deydi Skuler.

“Elli-Q” roboti keksa hamrohining ejtiyojlarini, muhitni, uning kimligini tahlil qilgan holda vaziyatga mos muloqot yarata oladi”, - deydi Dor Skuler.

Lekin robot odam o’rnini bosishga mo’ljallanmagan. Aksincha, qariyalarni harakatsizlik, tushkunlik, jamiyatdan ajralib qolmaslik va yaqinlar bilan aloqasini ta’minlashni ko’zda tutadi.

Robotlar 2018-yil oxirida sotuvgachiqishi rejalashtirilayotgan bo’lsa-da, narx masalasida kompaniya hali bir qarorga kelgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG