Breaking News

Texaslik ayol karantinga amal qilmagani uchun qamaldi


Shelli Lyuter, salon egasi

Texas shtatida karantin paytida ishini davom ettirgan sartaroshxona egasi Shelli Lyuter mahalliy sud qaroriga ko’ra bir haftaga qamaldi. Shtat gubernatori va prokurori sud hukmini tanqid qilmoqda.

Gubernator Greg Ebbot o’tgan juma karantinni yumshatib, sartaroshxonalar va go’zallik salonlarini ochishga ruxsat berdi.

Ebbot sud jazosini ortiqcha deb biladi:

“Jamoatchilik salomatligini ta’minlash maqsadida pandemiya paytida shtat farmonlariga rioya qilish muhimdir, ammo texaslik bir onani qamashdan yumshoqroq choralar bilan ham farmon ijrosiga erishsa bo’lardi”, - deydi gubernator.

Shtat va mahalliy hokimiyatlar koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida muhim bo’lmagan bizneslarni yopishni buyurgan edi. Qoidaga bo’ysunmagan Lyuter o’tgan oy ogohlantirilgan bo’lsa-da, Dallasdagi salonida xizmat ko’rsatishda davom etgan. Uning sudda aytishicha, u moliyaviy tomondan shunga majbur bo’lgan.

“Aks holda men va menda ishlovchi stilistlar oilamizni boqa olmasdik”, - dedi Lyuter.

Sudya Lyuter uzr so’rab, salonini yopsa, qamoq jazosini jarimaga almashtirishga rozi edi, biroq ayol bunday taklifdan bosh tortdi.

“O’zimni o’ylab bu ishni qilganim yo’q. Agar qonun bolalar farovonligidan muhimroq bo’lsa, u holda qaroringizni amalga oshiravering, salonni yopmayman”, - dedi Lyuter.

Sudya Erik Moyening sud hukmida izohlashicha, Lyuter sud qaroriga ataylab qarshi chiqqani uchun jazolanmoqda. Texas shtati prokurori Ken Pakston sudyaga maktub yo’llab, ayolni ozod etishni so’ragan.

"Milliy pandemiya paytida koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida jinoyatchilarni qamoqdan ozod etgan tumanda ishlayotgan bu sudyaning o’z oilasi farovonligini o’ylab salonni yopmagan onani qamatishiga aql bovar qilmaydi”, - dedi prokuror.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG