Breaking News

Tillerson 5-9-avgust kunlari Filippin, Tailand, Malayziyada bo'ladi


AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson
AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson

Reks Tillerson AQSh davlat kotibi lavozimida ilk bor Janubi-sharqiy Osiyoga yo’l olmoqda. Qo’shma Shtatlar dunyoning bu chekkasida Xitoy ta’sirini tushirishga, qator mamlakatlarning Janubiy Xitoy dengiziga bo’lgan da’vosi bilan bog’liq munozarani qonuniy asosda hal qilishga urinmoqda. Tillerson mintaqadagi hamkorlar bilan Shimoliy Koreyani yakkalash xususida ham gaplashadi.

Da’vogar mamlakatlardan biri Vyetnam Xitoy ogohlantirishidan so’ng tabiiy resurslarga boy dengiz tubidan gaz olish loyihasini to’xtatishga majbur bo’ldi.

Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi ASEAN Manilada majlis qilib, Janubiy Xitoy dengizida harakatlanish qoidalarini qabul qilmoqchi.

Ammo bu qoidalar ijrosi uni imzolagan taraflar uchun majburiy bo’lmagani sabab bu davlatlarning ba’zilari Xitoy bosimiga yon berishi mumkin. Qo’shma Shtatlar munozarani hal qilish mexanizmini ishlab chiqishga, dengizda erkin harakatlanishni ta’minlashga chaqirmoqda.

“Xitoyning dengizdagi hududlarni o’zlashtirishi va nazoratiga olgan zonani harbiylashtirishi kabi beqarorlashtiruvchi harakatlari munozaralarni tinch yo’l bilan hal qilish imkoniyatlarini qiyinlashtirmoqda”, - deydi AQSh davlat kotibi muovini Syuzan Tornton.

Davlat kotibi Reks Tillerson ochiq mojaroga bormay Xitoy bilan kelishmoqchi. Jumladan, Shimoliy Koreya masalasida.

“Shimoliy Koreyaga yadro qurollarini saqlashga, bu qurollarni mintaqaning biror chekkasiga yetkazish salohiyatiga imkon bermaslik kerak. Ana shu masalada Xitoy bilan hamkorlik qilmoqchimiz. Pxenyan bilan iqtisodiy aloqalarning 90 foizi Xitoy hissasiga to’g’ri keladi”, - deydi Tillerson.

AQSh davlat kotibi ASEAN davlatlari rasmiylari bilan ham shu mavzuda gaplashadi, ammo ayrim tahlilchilar nazarida, Janubiy Xitoy dengizi muammosi ikkinchi planda qolib ketmasligi kerak.

"Shimoliy Koreya mavzusi Malayziya, Vyetnam, Filippin uchun Janubiy Xitoy dengizi masalasidan ko’ra muhimroq emas”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi tahlilchisi Gregori Poling.

Ba’zi ekspertlar fikricha, mintaqadagi ayrim davlatlar Janubiy Xitoy dengizi masalasida AQShdan yordam olishi mumkinligiga shubha bilan qaray boshlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG