Breaking News

Tillerson Turkiyani Suriyada aholi xavfsizligini ta’minlashga chaqirdi


AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson va Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalarga mas’ul rasmiysi Federika Mogerini Turkiyani Suriyada kurd kuchlariga qarshi amaliyoti paytida tinch aholi xavfsizligini ta’minlashga chaqirdi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, vazifa bajarilmaguncha qo’shinlar Suriyadan chiqarilmaydi. Unga ko’ra, suriyalik va turkiyalik kurdlar ikki mamlakat hududida mustaqil Kurdiston davlatini barpo etmoqchi. Erdog’an bunday harakatlarni Turkiya xavfsizligi va yaxlitligiga tahdid deb biladi.

Dushanba kuni Turkiya Suriya shimoli-g’arbidagi Afrin shahrida joylashgan kurd qo’shinlariga qarshi hujumlarini kuchaytirdi. Tillersonning Londonga tashrifi chog’ida muxbirlarga aytishicha, Qo’shma Shtatlar har ikki tomon bilan aloqada.

“Turklardan ham, kurdlardan ham tinch aholiga kamroq zarar yetkazishni so’rayapmiz. Turkiya bilan muloqotimiz cho’gida xavfsizligiga tahdid haqidagi xavotirlarini unga to’g’ri keladigan shaklda hal qilish haqida gaplashyapmiz”, - dedi Tillerson.

Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Federika Mogerini har ikki tomondan tinch aholiga gumanitar yordam yetkazishda to’siq qo’ymaslikni so’radi. Unga ko’ra, Turkiyaning kurdlarga qarshi amaliyoti Suriyada salkam yetti yillik urushga barham berish harakatlariga pand bermoqda.

“Jenevadagi tinchlik muloqotiga jiddiy zarar qiladi bu. Suriyada siyosiy jarayon orqali davomiy tinchlik va xavfsizlikni tiklashning yagona yo’li – Jeneva muzokaralari”, - dedi Mogerini.

Erdog’anning aytishicha, Turkiyaning Suriya bilan chegarasi xavfsizligi ta’minlanmaguncha amaliyot davom etadi. U Qo’shma Shtatlarni Turkiyaga hujum qilish maqsadida kurdlarni qurollantirganlikda ayblamoqda. Erdog’an suriyalik kurdlarni Turkiyada terrorchi tashkilot deb tan olingan Kurdiston ishchilar partiyasiga bog’laydi. AQSh va Yevropa Ittifoqi ham PKKni qora ro’yxatga qo’shgan.

“Afrinni qo’lga olamiz. Undan chekinish yo’q. Rossiyalik do’stlarimiz bilan bu masalada kelishuvimiz bor. Koalitsiyaga kirgan hamkorlar bilan ham muloqotdamiz. Amerika bilan ham gaplashdik, ammo uni tushunmayapmiz. Nega Qo’shma Shtatlar “Islomiy davlat” terror guruhiga qarshi boshqa terrorchi tashkilot yordamida kurashmoqda?” - deydi Erdog’an.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, AQSh vaziyatni tushunmay yoki ataylab kurd bo’lginchi harakatiga turtki bermoqda. Oy oxirida Sochida Rossiya va Turkiya tashabbusi bilan Suriya tinchlik muloqoti o’tkaziladi. G’arb davlatlari jarayonga taklif etilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG