Tillerson Rossiyaga qarshi sanksiyalardan norozi, ammo bo'ysunishga majbur

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Davlat departamentida o’tadigan kundalik matbuot brifingida ilk bor qatnashib, jurnalistlarni hayratga soldi.

Tillerson AQShning Shimoliy Koreya, Venesuela, Xitoy, Yaqin Sharq, Ukraina va Rossiya bo’yicha siyosatini tushuntirdi.

Davlat kotibidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatda ishlayotgan amerikalik diplomatlar sonini keskin kamaytirish qaroriga munosabat haqida so’ralganda Tillerson vaziyat yomon ekanini, bundan-da yomonlashishi mumkinligini aytdi.

Davlat departamentiga olti oy oldin rahbar etib tayinlangan Reks Tillerson AQSh Kongressining Rossiyaga qarshi sanksiyalarini tanqid qildi. Unga ko’ra, Rossiya bilan munosabatlar usiz ham sovuq bo’lib turgan bir paytda sanksiyalar foydadan ko’ra ko’proq zarar keltiradi.

“Na prezident, na men sanksiyalar haqidagi qonunning qabul qilinganidan va qanday shaklda tuzilganidan xursandmiz. Bunday choralarning aloqalarni yaxshilash harakatlarimizga zarar ekanini aytib kelganmiz. Ammo Kongress o’z bilganidan qolmadi. Prezident buni qabul qilishga majbur”, - dedi davlat kotibi.

Seshanba kuni Gruziyaga borgan Vitse-prezident Mayk Pens ham shu masalaga munosabat bildirdi.

“Qo’shma Shtatlar Rossiya bilan konstruktiv, o’zaro manfaatli, hamkorlikka asoslangan aloqa qilish tarafdori. Prezident va Kongress Rossiya siyosatida yakdil. Rossiya sanksiyalarga sabab bo’lgan harakat va siyosatidan voz kechsagina, jazo choralari bekor qilinadi”, - dedi Pens.

AQShning Ukraina va O’zbekistondagi sobiq elchisi Jon Xyorbst Kongressda ko’pchilik ovoz bilan qabul qilingan qonun loyihasini olqishladi. Unga ko’ra, Ukraina va Gruziya kabi Rossiya tahdidi bilan yuzlashayotgan mamlakatlar uchun bu yaxshi xabar.

“Kremlning agressiyasi uning o’ziga qimmatga tushmoqda. Agar shunday bo’lishda davom etsa, Moskva Donbassdagi siyosatini o’zgartirishga majbur bo’ladi. Shunday bo’lgan taqdirda Rossiyaning Gruziyaga nisbatan siyosati ham o’rta va uzoq muddatda ijobiy tomonga o’zgarishi mumkin”, - dedi sobiq diplomat.

Prezident Tramp bugun qonun loyihasini imzoladi, ammo undagi ayrim bandlar Konstitutsiyaga xilof ekanini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG