Breaking News

Tillerson Moskvada Putin va Lavrov bilan uchrashdi


Ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Moskvada uchrashmoqda, 12-aprel, 2017-yil
Ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Moskvada uchrashmoqda, 12-aprel, 2017-yil

Seshanba kuni Rossiyaga safar qilgan AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson chorshanba kuni Prezident Vladimir Putin bilan uchrashdi. Muzokaralar ikki soat davom etgan. Oxirgi pallagacha uchrashuv savol ostida edi.

Rossiya rahbari AQShning o’tgan hafta Suriya shimoliga qanotli raketalar bilan hujum qilganini qoraladi. Suriyada terrorchilarga qarshi kurashda Putin bilan hamkorlik qilish umidida yurgan Amerika Prezidenti Donald Tramp barcha uchun kutilmaganda hujum qilishga buyruq berdi.

Tramp Suriya Prezidenti Bashar Assadni Idlibda aholiga qarshi kimyoviy qurol ishlatganlikda aybladi. Assad ayblovlarni inkor etgan, Rossiya mustaqil tergov o’tkazishga chaqirdi.

Putinga ko’ra, qanotli raketalar hujumidan so’ng usiz ham sovuq bo’lgan AQSh-Rossiya aloqalari yanada yomonlashdi. Rossiyaning da’vo qilishicha, kimyoviy qurol Suriya muxolifatining provokatsiyasi bo'lishi mumkin yoki Suriya harbiy samolyotlari isyonchilarga qarashli zarin gazi saqlanayotgan omborni o’qqa tutgan.

“Suriya armiyasi kimyoviy qurolni ishlatganiga isbot qani? Birorta dalil yo’q. Ammo AQSh hujumi natijasida xalqaro qonun buzildi. Bu oydin fakt”, - dedi Putin.

Tillerson Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ham uchrashdi. Lavrovga ko’ra, Rossiya Trampning asl maqsadlarini tushunishni istaydi, chunki so’nggi paytda Oq uydan ko’plab qarama-qarshi va mujmal bayonotlar tarqaldi.

Tillerson ikki yirik davlat siyosati keskin farq qilishini tan oldi. Shu sababdan, dedi u, ochiq va samimiy muloqot bo’lishi tarafdoriman.

"Mushtarak manfaatlarimizga javob beradigan masalalarni aniqlab olishimiz kerak. Taktik yondashuvimiz farq qilsa-da. Muammolarni oydinlashtirib, ularni tahlil qilishimiz, sabablarini aniqlashimiz kerak”, - dedi Tillerson.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG