Davlat departamentini isloh qilish rejasi xavotirga sabab bo'lmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Davlat departamentini isloh qilmoqchi. Vazirlikning ayrim sobiq xodimlari Tramp ma’muriyati tashqi siyosatda demokratiya targ’iboti va inson huquqlari himoyasidan chekinmoqchi, deya tashvish bildirmoqda.

Reks Tillerson Davlat departamentiga olti oy oldin rahbar etib tayinlanganida xodimlar uni iliq qarshilagan edi. Biroq Tramp ma’muriyatining vazirlik byudjetini qisqartirish rejasi, yuqori lavozimlarning hanuz bo’sh turgani hamda vazirlikni isloh qilish haqidagi gaplar 36 ming xodimni tashvishga soldi.

Tillerson islohotlar kerak, deydi.

“Men gaplashgan odamlar o’zgarishlar rejasini qo’llab-quvvatlamoqda, chunki shu kungacha e’tiborsiz qolgan yo’nalishlarga urg’u beriladi. Davlat departamentining vazifasi Amerika tashqi siyosatini amalga oshirish, mamlakatimizni yaxshiroq, xavfsizroq va farovonroq qilish ekanini tushunishmoqda. Bu missiyamiz o’zgarmaydi”, - deydi davlat kotibi.

Davlat departamenti missiyasining yangi tahriridan dunyo bo’ylab demokratiya va adolatni targ’ib qilish kabi vazifalar olib tashlanishi mumkin degan xabarlar ko’plarni xavotirga solmoqda. Sobiq elchi Laura Kennedi Davlat departamentida salkam 40 yil ishlagan.

"Tashqi siyosatimizdan demokratiya va adolat tushunchalarini olib tashlab bo’lmaydi. Bu tushunchalar insoniyligimizning asoslaridir. Bu tamoyillar mamlakatimiz tarixining eng boshiga, ilk vazirlik sifatida ish boshlagan Davlat departamentining yaralishiga borib taqaladi. Bularni yo’q qilish rejasini izohlashga ojizman", - dedi Kennedi.

Yana bir xabarga ko’ra, Tillerson “Islomiy davlat” jangari to’dasi va Rossiya tashviqotiga qarshi choralar uchun Kongress ajratgan pulni sarflamoqchi emas.

“Islomiy davlat” propagandasiga nahotki qarshi turmasak? Axir bu eng birinchi darajali vazifalar qatorida bo’lishi kerakku! Rossiyaning soxta ma’lumot tarqatish siyosati ham yangilik emas. Biz manfaatlarimizga zid axborot kampaniyasiga qarshi turib, o’z siyosatimizni bildirishga qaratilgan harakatlarga zo’r berishimiz kerak”, - deydi sobiq diplomat.

Davlat departamenti matbuot kotibasi Xezer Noyertning aytishicha, bu ishlarni amalga oshiruvchi Global harakat markazi faoliyatini qizg’in olib bormoqda, biroq sobiq tadbirkor Tillerson mablag’ni oqilona sarflash yo’llarini qidirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG