Breaking News

AQShda Trans-Tinch okeani savdo bitimiga qarshilar ko'p


Tinch okeani bo'yidagi 12 davlat orasida yangi savdo kelishuvi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:38 0:00

Tinch okeani bo'yidagi 12 davlat orasida yangi savdo kelishuvi

AQSh va Tinch okeani mintaqasidagi 11 davlat bilan tuzilgan savdo bitimi, agar barcha a'zo mamlakatlar tomonidan ma'qullansa, global iqtisodiyotning 40 foizini qamrab oladi. Ammo Trans-Tinch okeani hamkorligi bitimi AQShda bahslarga sabab bo'lmoqda. Tanqidchilar fikricha, u Qo'shma Shtatlarda ish o'rinlarining boy berilishiga sabab bo'ladi. Bunday qarashni yoqlamayotganlar ham bor.

Trans-Tinch okeani savdo bitimi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:40 0:00

Texasda savdo bitimiga qarshi namoyishlar bo'lib o'tdi.

Kasaba uyushmalari, ayniqsa, norozi. Ularga ko'ra, bitim yangi ish o'rinlarini nafaqat yaratmaydi, balki mavjudlari boy berilishiga ham sabab bo'ladi; ishini yo'qotmaganlar esa kam maoshga rozi bo'lishi kerak.

Iyun oyida Kongress savdo bitimlarini tez ko'rib chiqish haqida qonun qabul qildi. Unga ko'ra, qonunchilar kelishuv matnini o'zgartira olmaydi. Uni ma'qullashi yoki rad etishi kerak. Davlatlar o'rtasida tug'iladigan har qanday kelishmovchilik esa uch kishilik kengash tomonidan hal etiladi.

Nyu-York universiteti professori Rolf Gemeri ham bitimga qarshi.

"Bunday kelishuvlarni 30 yil davomida ko'rdik. Ularning har biri avvalgisidan kattaroq va yomonroq. Mamlakatga ta'siri qanday bo'ladi, deb so'rashga hojat yo'q, o'tmishga qarashning o'zi kifoya. Bu yurtning ishlab chiqarish sanoati ilma-teshik bo'ldi. Texnologiyalar, zavod va ishlarning hammasi okeanortiga ketdi", - deydi u.

Ammo ulkan biznes va korporatsiyalar uchun vaziyat boshqacha. Ular bitimni bozor va mahsulotlar savdosini kengaytirish hamda daromadlarni oshirish imkoniyati sifatida ko'rmoqda.

"Rockwell Global" kompaniyasi tahlilchisi Piter Kardilloga ko'ra, bitim iqtisodiyotni o'stirib, mahalliy ishchilar foyda ko'rishiga hissa qo'shadi.

"Har bir kelishuvning ijobiy va salbiy tomonlari bo'ladi. Ish o'rinlari xorijga chiqib ketadi, deb o'ylaydiganlar unga qarshi kurashadi. Yo'q, iqtisodiyot uchun foydali, deydiganlar himoya qiladi. Men shu qarashlarning o'rtachasini tutganman", - deydi u.

Uol Stritda joylashgan "Empire Executions" firmasi rahbari Piter Kosta esa bitimdan AQSh va mahalliy ishchilar kutilgan foydani olishi qiyin degan fikrda.

"Kichikroq savdo hamkorlariga ko'proq foydali bu. AQSh, odatdagidek, foyda ko'rishi aniq bo'lmagan shartnomani imzolamoqda. Uni tasdiqdan o'tkazish qiyinroq bo'lishi mumkin. Ammo oxirida qabul qilinishi ehtimoli yuqori", - deydi Kosta.

Savdo bitimining to'liq matni kelasi haftalarda e'lon qilinadi. AQSh Kongressi belgilagan muddat bo'yicha, Prezident Barak Obama matn e'lon qilinishidan 60 kun o'tib kelishuvni imzolashi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG