Breaking News

Tramp va Abe Shimoliy Koreya haqida gaplashdi


AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, amerikalik rasmiylar Shimoliy Koreya bilan yuqori darajada bevosita muloqot boshlagan. Tomonlar Trampning Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan uchrashuvini uyushtirishga harakat qilmoqda. AQShga tashrif buyurgan Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe ham Tramp bilan Pxenyan mavzusida gaplashdi.

Tramp Kim Chen Un bilan uchrashuvga hozirlik ketayotgani haqida Shinzo Abe bilan muloqoti chog’ida ma’lum qildi.

“Shimoliy Koreya bilan yuqori darajali muloqot olib boryapmiz. Pxenyan siyosiy iroda namoyish etmoqda. Eng muhimi – natija. Shunchaki uchrashganimiz emas”, - dedi Tramp.

Yaponiya bosh vaziri siyosiy sahna ortidagi jarayonlarni olqishlamoqda.

“Ilk marotaba o’tishi kutilayotgan AQSh-Shimoliy Koreya sammitida yadro masalalari, raketalar mavzusi, o’g’irlangan yapon asirlari taqdiri atroflicha muhokama etiladi degan umiddaman. Bu tarixiy uchrashuv bo’ladi va har bir masala bo’yicha kelishuv erishilishiga umid bor”, - dedi Abe.

Yaponiya rahbari Tramp bilan uchrashuvi chog’ida po’lat va alyuminiy savdosiga qo’yilgan tariflarni bekor qilishni so’ragan. Unga ko’ra, Shimoliy Koreya rahbari bilan muloqot chog’ida Yaponiya xavfsizlik manfaatlari hisobga olinishi lozim.

“Shimoliy Koreya siyosatiga kelganda Abe AQSh va Yaponiya manfaatlarining bir-biriga hamohang bo’lishini, AQSh va Yaponiya o’rtasidagi savdo muammosini hal etishda mushtarak fikrlar bildirilishini, AQSh Shimoliy Koreyani yadroviy quroldan xoli etish rejasida qat’iy ekanini bilishni istaydi”, - deydi “Stimson markazi”da Yaponiya bo’yicha dastur direktori Yuki Tatsumi.

Ekspertlarning aytishicha, Abe Tramp bilan do’stona aloqasidan Yaponiya manfaatlarini himoya qilishda foydalanmoqchi.

“Abe Tramp-Kim uchrashuvidan oldin AQSh rahbari bilan gaplashib, Yaponiya uchun ahamiyatli masalalar nima ekanini unga yana bir bor tushuntirmoqchi”, - deydi Vashingtondagi Vilson tahlil markazining Osiyo dasturi direktori Abraxam Denmark.

Trampning Abega aytishicha, u Kim bilan muzokaralar paytida bir vaqtlar Shimoliy Koreya tomonidan o’g’irlangan yapon asirlari taqdiri xususida gaplashadi. Bugun matbuotdagi xabarlardan ma’lum bo’lishicha, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Mayk Pompeo yaqinda Kim Chen Un bilan maxfiy uchrashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG