Shimoliy Koreyaning qit’alararo ballistik raketa sinovlari ketidan AQSh Prezidenti Donald Tramp shu mavzu yuzasidan mintaqadagi ittifoqchi davlatlar bilan diplomatik maslahatlashuvlarni boshlagan. Tramp Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abega qo’ng’iroq qilib, salkam bir soat gaplashgan.

Oq uy bayonotida aytilishicha, ikki rahbar Pxenyan AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarga tahdid ekanini tan olib, unga qarshi diplomatik va iqtisodiy bosimni kuchaytirish zaruratini ta’kidlagan.

Tramp bilan telefon muloqotidan so’ng Abe muxbirlar bilan gaplashgan.

"Prezident Trampning Amerika ittifoqchilarini himoya qilish uchun ko’rayotgan barcha choralari uchun minnatdormiz. AQSh va Yaponiya hamkorlikda jiddiy chora ko’radi, Yaponiyaning mudofaa salohiyati kuchaytiriladi", - dedi Abe.

Pxenyan so’nggi bir necha haftada ikkita qit’alararo ballistik raketa otdi. So’nggi sinov o’tgan juma o’tkazilib, 4-iyuldagi birinchi sinovdan ancha mukammalroq bo’lgan - raketa balandroq va uzoqroq uchgani qayd etilgan.

Tahlilchilarga ko’ra, 40-45 daqiqalik parvoz paytida raketa 3000 metr balandlikka ko’tarilib, Yaponiyaning ikkinchi yirik oroli Xokkaydodan 160 kilometr narida suvga tushgan.

Boltiq davlatlari bo’ylab safar qilayotgan AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens Shimoliy Koreyaning bunday provokatsiyalari javobsiz qolmasligini aytdi.

"Qo’shma Shtatlar mintaqa va dunyodagi mamlakatlar bilan hamkorlikda Shimoliy Koreyani iqtisodiy va diplomatik jihatdan yanada yakkalashga harakat qiladi. Sabr kosamiz to’ldi”, - dedi u.

Pxenyanga harbiy qudratni namoyish qilish maqsadida AQShning ikkita B-1 bombardirovkachi samolyotlari Janubiy Koreya va Yaponiyaning qiruvchi samolyotlari bilan birga Koreya yarimoroli uzra uchib o’tdi.

Bunga javoban Pxenyan bayonot chiqarib, so’nggi raketa sinovi Shimoliy Koreyada AQSh hududini nishonga olish salohiyati borligini ko’rsatdi, dedi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG