Breaking News

Trampning qo'shinlarni Afg'onistondan ertaroq chiqarish taklifi tanqidga uchramoqda


AQSh Prezidenti Donald Trampning shu hafta “Twitter”da askarlarning bir qismi Rojdestvogacha Afg’onistondan chiqarilishi kerak degan gaplari ketidan Mudofaa vazirligi sukut saqlamoqda, ayrim tahlilchilar esa bunday bayonotni tanqidga oldi.

Xalqaro hayot – 9-oktabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:35 0:00

AQSh rejasiga ko’ra, 2021-yil boshida Afg’onistondagi 5000 askarning salkam yarmi mamlakatni tark etadi. Prezidentning bu jadvaldan chetga chiqishini Vashingtondagi “Demokratiyalar himoyasi uchun jamg’arma” tashkilotidan Bredli Bauman tanqid qildi.

“Nega endi eng ko’p terrorchi guruhlar va tashkilotlar faoliyat yurituvchi joydan bir necha ming askarni chiqarishimiz kerak? Bu yomon siyosat. To’g’ri mufoviqlashtirilmagan, ijrosi zaif siyosat. Prezident nega bunday qilayotganini yaxshi bilamiz. Saylovdan oldin siyosiy maqsadlarda qilinyapti”, - deydi ekspert.

Afg’oniston va Pokiston joylashgan mintaqada AQSh hukumatiga ko’ra kamida 20 ta terror guruhi faoliyat yuritadi. Afg’oniston hukumati toliblarga qarshi hamon urush qilyapti.

Qo’shinlarni Afg’onistondan chiqarish Trampning saylovoldi va’dalaridan biri edi.

Tolibon harakati Trampning tvitini olqishladi. Aksariyat amerikaliklar ham askarlarning bu mamlakatdan ketishi tarafdori. Yevrosiyo Guruhi jamg’armasi yaqinda o’tkazgan ijtimoiy so’rovdan ma’lum bo’lishicha, AQShdagi har ikki yirik siyosiy partiya a’zolarining aksariyati Tramp ma’muryati tashabbusi bilan boshlangan afg’on tinchlik muloqotini qo’llab-quvvatlamoqda.

Biroq vashingtonlik tahlilchi Maykl Oxanlonning aytishicha, qo’shinlarni Afg’onistondan hozir chiqarib bo’lmaydi, chunki mamlakatda fuqarolar urushi keskinlashishi mumkin, beqarorlik kuchayadi.

“Natijada al-Qoida yoki “Islomiy davlat” jangari to’dalari kelajak xurujlarini rejalash uchun bu mamlakatda chuqurroq ildiz otishi mumkin”, - deydi Brukings instituti tahlil markazi eksperti.

Afg’onistonda xalqaro koalitsiyaning 12 ming askari bor. NATO bosh kotibi ularning soni joylardagi vaziyatga qarab o’zgaradi, dedi.

“Afg’onistonga birgalikda kirishga qaror qilganmiz, demak, qo’shinlar miqdori bo’yicha qarorlarni ham birgalikda qabul qilishimiz kerak, vaqti kelganda birgalikda ketamiz”, - dedi Yens Stoltenberg.

Kuzatuvchilar sharoitga qarab qaror berish siyosatini olqishlamoqda.

“Qo’mondonlarimizning birinchi navbatdagi vazifasi amerikaliklar xavfsizligini ta’minlash. Agar jadvalga qarab ish ko’rsak, keyinchalik Afg’onistonga yana qaytib, kattaroq talafot va qurbonliklarga uchrashimiz mumkin”, - deydi Bauman.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG