Tramp ma'muriyati aksariyat mamlakatlarga elchilarni tayinlamagan hali

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Amerikaning Meksikadagi elchisi Roberta Jekobson bilan ko'rishmoqda

Donald Trampning Oq uyga kelganiga uch oydan oshganiga qaramay, Davlat departamentida ko’plab elchilik lavozimlari bo’sh turibdi. Katta davlatlarga elchilarni odatda prezidentga yaqin bo’lgan siyosatchilar orasidan tanlashadi va barchasi ham professional diplomat bo’lmaydi. Yangi prezident kelishi bilan aksariyati yangilanadi. Biroq ma’lumotlarga qaraganda, 7 mamlakatga elchi tayinlangan, xolos, 181 davlatga bo’lajak elchilarning nomzodlari hanuz ko’rsatilmagan.

Shimoliy Koreya va dunyoning boshqa nuqtalarida ziddiyatlar kuchayar ekan, Prezident Donald Tramp shu kungacha besh kishini elchi lavozimiga tayinlashga ulgurib, elchilikka nomzodi olga’ surilgan arboblardan ikkisigina tasdiqlangan.

Masalan, Janubiy Koreyaga yangi bosh diplomat hali tayinlanmagan, davlat kotibining Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasi masalalari bo’yicha yordamchisi lavozimi ham bo’sh turibdi.

Tahlilchi Tomas Rayt bu mislsiz va xavotirli holat, deydi.

“Yaqinda Xitoy Prezidenti Si Zinpin AQShga kelib-ketdi. O’shanda Davlat departamentidagi yuqori lavozimlarda Osiyo bo’yicha oz sonli mutaxassislargina bor edi. Kadrlar bo’lsa, yuqori darajadagi uchrashuvlar yaxshi o’tadi, biroq hozirgi vaziyat zarar keltirmoqda”, deydi Brukings tahlil instituti xodimi.

Davlat departamenti so’zlovchisi Mark Toner shu haqda izoh berdi.

“Ko’plab lavozimlar bo’sh turgani yo’q. Ularni ayrim mutaxassislar vaqtincha egallab turibdi. Barchasi professional diplomatlar, shu kasb faxriylari", - dedi u.

Tramp ma’muriyati yangi elchilarni tayinlashni nega paysalga solmoqda, degan savolga sobiq elchi Ron Nyuman shunday javob berdi.

“Oq uydagi ko’plab vazifalar bilan oz sonli guruh shug’ullanmoqda va shu guruh ichida qarama-qarshi fikrda bo’lgan odamlar bor. Ular o’zaro kelisha olmayapti. Bundan tashqari, bu odamlarning ishi oshib-toshib yotibdi”, - deydi u.

Tahlilchi Rayt siyosiy omillarga urg’u beradi.

“Tramp atrofidagi ayrim odamlar saylov kampaniyasi paytida unga qarshi chiqqan ba’zi insonlardan o’ch olishga harakat qilyapti. Trampni saylov paytida tanqid qilgan hech bir respublikachiga elchilik lavozimini berishmaydi. Qolganlar orasida esa yuqori malakali kadrlar deyarli yo’q, Trampni ozchilik qo’llab-quvvatlagan”, - deydi ekspert.

Suriya, Rossiya va boshqa davlatlar bilan bog’liq AQSh manfaatlariga tegishli dolzarb masalalar yechimini kutarkan, Davlat kotibi Reks Tillerson kuchli kadrlarsiz bu vazifalarni uddalay olmasligi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG