Tramp Osiyoda inson huquqlarini ko'tarmaganligi uchun tanqid ostida

  • Amerika Ovozi

Filippin Prezidenti Rodrigo Duterte (chapda) Tramp bilan so'rashmoqda, Manila, Filippin, 13-noyabr, 2017-yil

Inson huquqlari faollari AQSh Prezidenti Donald Trampni Osiyoga safari chog’ida inson huquqlari muammolarini ko’tarmaganlikda, qadami yetgan mamlakatlar rahbarlarini bu masalada tartibga chaqirmaganlikda ayblamoqda.

Tramp Filippinda o’tgan mintaqaviy sammit paytida bu mamlakat Prezidenti Rodrigo Duterte bilan uchrashayotgan bir paytda poytaxt Manilada namoyishchilar politsiya bilan to’qnashib, Tramp qiyofasidagi qo’g’irchoqni yoqgan.

“Bu uchrashuvdan Filippin xalqiga foyda yo’q. Aksincha, inson huquqlari bilan bog’liq ahvol yanada yomonlashadi”, - deydi faollardan biri Renato Reyes.

Iqtisodiyot va savdoni muhokama markaziga qo’ygan Tramp sammit paytida inson huquqlari masalasini ko’tarmadi.

“Mintaqadagi hamkorlarimizning kuchli, mustaqil, farovon bo’lishini istaymiz. O’z taqdirini o’zlari belgilashsin, hech kimga qaram bo’lmay. Region erkin va ochiq bo’lishi zarur”, - dedi Tramp.

Duterte Filippinda giyohvandlar va narkotik savdogarlariga qarshi ayovsiz kurashmoqda, ularni yo’q qilishni buyurgan. Inson huquqlari guruhlari uni insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblamoqda.

Oq uy matbuot kotibasi Sara Xakkabi Sandersning aytishicha, Trampning Duterte bilan uchrashuvi chog’ida mavzu tilga olingan. Ammo Filippin hukumati vakili bu ma’lumotni inkor etdi.

“Ikki rahbar inson huquqlari haqida gaplashmadi. Prezident Duterte Trampga Filippinda qoradoriga qarshi kurash haqida atroflicha ma’lumot berdi”, - deydi Duterte so’zlovchisi Garri Rok.

Trampning Respublikachilar partiyasidagi tanqidchisi senator Jon Makkeyn “Twitter” orqali prezidentni tanqid qildi.

“Inson huquqlari mavzusi davlat rahbarining Duterte bilan uchrashuvi chog’ida yana qolib ketdi. Afsus”, - deb yozdi Makkeyn.

“Inson huquqlari mavzusi ko’tarilmasa, tajovuzkor rahbarlar bundan yanada ruhlanadi. Vyetnam, Kambodja kabi dissidentlarni ta’qib etayotgan mamlakatlar hukumatlari jahon hamjamiyatining bu ishlarga ko’z yumayotganini ko’rsa, ular ta’qiblarni yanada kuchaytiradi”, - deydi “Human Rights Watch” inson huquqlari tashkilotidan Jon Sifton.

Trampning Osiyo bo’ylab 12 kunlik safari o’z nihoyasiga yetdi. Iqtisodiyot, savdo va Shimoliy Koreya mavzularida erishilgan yutuqlar sarhisob qilinishi aniq, ammo Oq uy ma’muriyatining tanqidchilariga bu kifoya bo’lmasligi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG