Breaking News

Donald Tramp Osiyoning besh mamlakatiga otlanmoqda


Xalqaro hayot - Tramp Osiyo safariga chiqadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:04 0:00

Xalqaro hayot - Tramp Osiyo safariga chiqadi

3-noyabr kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp Osiyo bo’ylab 12 kunlik safarga chiqadi. Amerika rahbari Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Filippinda bo’ladi, Vyetnamda esa Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik, ya’ni APEK sammitida qatnashadi. Tramp ittifoqchi davlatlar rahbarlari bilan Shimoliy Koreya xususida ham gaplashishi kutilmoqda.

Bu Trampning qit’aga ilk rasmiy safari bo’ladi. Qo’shma Shtatlar Pxenyandan yadro qurollari va ballistik raketa dasturidan voz kechishni talab qilarkan, AQSh prezidenti ittifoqchi mamlakatlarni Shimoliy Koreyaga bu masalada bosim qo’yishga chaqirmoqchi.

Pxenyanda Amerika hududigacha ucha oladigan qit’alararo raketa paydo bo’lganidan beri Shimoliy Koreya Tramp ma’muriyati uchun milliy xavfsizlik bobida ustuvor masalaga aylangan.

“Tramp Shimoliy Koreyaga qarshi ko’rilishi mumkin bo’lgan turli choralar haqida gapirgan. Agar shu choralardan birortasini qo’llamasa, unga bo’lgan ishonch keskin tushib ketadi”, - deydi Yonsey universitetida tahlilchi Jon Deluri.

AQSh, Xitoy va Rossiya hamkorligida Birlashgan Millatlar Tashkilotida Pxenyanga qarshi qattiqroq sanksiyalarni o’z ichiga olgan rezolyutsiya qabul qilindi. Hujjat Shimoliy Koreya bilan savdoni 90 foizga, neft importlarini esa 30 foizga cheklashga qaratilgan. Bundan tashqari, Qo’shma Shtatlar bu mamlakatga nisbatan bir tomonlama jazo choralarini ham joriy qilgan.

Shimoliy Koreya yadroviy shashtidan qaytmasa, Tramp unga qarshi harbiy kuch qo’llashi mumkinligini ham aytgan, ammo Yaponiya va Janubiy Koreyaning bu rejaga qarashlari turlicha.

“Prezident Tramp va Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe ko’p masalalarda hamfikr”, - deydi Deyvid Strob, Sejon institutida Shimoliy Koreya bo’yicha tahlilchi.

Abening milliy xavfsizlik masalasidagi qattiq siyosati saylovchilariga manzur, ayniqsa Shimoliy Koreyaning ikki raketa sinovi paytida raketalar Yaponiya hududi uzra uchib o’tganidan so’ng. Bunday siyosat uning konservativ koalitsiyasiga muddatidan erta o’tgan parlament saylovlarida ishonchli g’alaba qozonishga yordam berdi.

Abe Trampning Pxenyanga qattiq bosim qo’yish siyosatini qo’llab-quvvatlasa-da, Tokiodagi ayrim siyosatchilarning aytishicha, harbiy do’q-po’pisa Shimoliy Koreya va Xitoyni yon berishga qaratilgan diplomatik taktikadir.

Pxenyan harbiy qudratining o’sib borayotganidan tashvishga tushgan Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In ham Tramp bilan uchrashuvda, asosan, shu mavzuga urg’u beradi.

Janub rahbari Koreya yarimorolida katta urushga turtki berishi mumkin bo’lgan harbiy harakatlarga qarshi.

“Tramp Janubiy Koreyaga tashrifi chog’ida mahalliy aholining bu masalaga munosabati bilan tanishish imkoniga ega bo’ladi. Janubiy Koreya yadroviy hujum tahdidi ostida anchadan beri yashab kelmoqda”, - deydi tahlilchi Deluri.

Mun Jey In o’tmishda Pxenyan bilan muloqot tarafdori bo’lgan va Tramp bunday siyosatni tanqid qilgan edi.

Biroq Shimoliy Koreyaning ketma-ket yadroviy va ballistik raketa sinovlari, Pxenyanning janub bilan muloqotdan va, hatto, gumanitar yordamdan bosh tortishi ketidan ikki mamlakatning bu masala bo’yicha qarashlaridagi farq ancha qisqargan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG