Uzoq yillik siyosat nafaqat Falastinda, balki Vashingtonda ham o’zgarayotgan bo’lishi mumkin. Shu kungacha Shimoliy Koreya rahbarlari bilan umuman aloqa qilmagan Oq uy ma’muriyati Tramp bu mamlakat lideri Kim Chen Un bilan uchrashishi ehtimoli haqida og’iz ochdi.

Bundan tashqari, sobiq Prezident Barak Obama bilan chiqisha olmagan Filippin rahbari Rodrigo Duterteni Tramp ma’muriyati Vashingtonga taklif etish ustida o’ylanmoqda.

Ba’zilar Oq uyning bunday rejalarini darrov tanqid qilishga kirishdi, biroq Trampning matbuot kotibi Shon Spayserning aytishicha, Koreya yarimorolidagi taranglikka barham berish uchun muloqotni yo’lga qo’yish zarur.

"Shimoliy Koreyani diplomatik va iqtisodiy tarafdan yakkalab qo’yish maqsadida mintaqa davlatlari bilan hamkorlik qilish uchun imkoniyat bu. AQSh milliy manfaatlari, mintaqa xalqlari tinchligi prezident uchun ustuvor vazifalar", - dedi u.

Tramp Oq uyga Tailand Bosh vaziri Prayut Chan-Ochani ham taklif qilmoqchi. Inson huquqlari guruhlari uni davlat to’ntarishida hokimiyatni qo’lga olib, demokratik jarayonlarni poymol etayotganlikda, Filippin Prezidenti Rodrigo Duterteni esa giyohvandlikka qarshi kurash doirasida ko’plab odamlarni o’ldirishni buyurganlikda ayblab keladi.

Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan ham qulay bir sharoitda uchrashish o’zi uchun sharaf bo’lishini aytdi.

"Amerika matbuotida Kim Chen Unni multfilm qahramoniga qiyoslashadi. Tramp uni aqlli deb atagani Pxenyandagi hukumat uchun kutilmagan hol bo’lishi mumkin. Ular Trampning gaplarini qanday hazm qilishayotganini bilishni juda ham istardim. Chunki shu kungacha Amerikaning hech bir prezidenti Shimoliy Koreya rahbarlari haqida ijobiy munosabat bildirmagan", - deydi Vashingtondagi Atlantika Kengashi tahlil markazidan Robert Menning.

Uning aytishicha, Duterte mintaqada ahamiyatli arbob va u bilan aloqani yaxshilash Amerika manfaatiga javob beradi.

"Ammo bu oson bo’lmaydi, chunki Duterte shaxsan Amerikani yoqtirmaydi. Menimcha, bu AQShning bir paytlar mintaqada mustamlakachi bo’lgan davrga taqaladi", - deydi tahlilchi.

Biroq unga ko’ra, Filippindan Shimoliy Koreyani tartibga chaqirishda foyda bo’lmaydi. Bundan tashqari, Trampning Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga doir uzoq muddatli siyosati aniq emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG