Breaking News

AQShda karantinni tugatishga kim qaror bera oladi?


AQSh iqtisodiyoti qachon qayta ochiladi? Ayrimlar bir necha haftadan so’ng odamlar ishga qaytishi mumkin degan fikrda, biroq bunga qaror berish uchun kimda vakolat bor?

Bir necha shtatning Demokratik partiyadan saylangan gubernatori o’z shtatlarida hayotni normal holatga qaytarish uchun kollektiv ravishda kelishmoqchi. Prezident Donald Trampga ularning Oq uydan mustaqil harakat qilishi yoqmayapti.

“Prezident biz bilan buni deb olishmoqchi. Hozir siyosiy bo’linishning mavridi emas”, - dedi Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo.

U va yana bir necha hokim o’z shtatlaridagi karantin qoidalarini asta-sekin yengillashtirish uchun umumiy strategiya ishlab chiqishga urinmoqda.

Biroq Tramp nazarida, bunday vakolatga gubernatorlar emas, prezident ega.

Umummamlakat favqulodda holat paytida kimda vakolat ko’proq degan savol jonli munozaralarga turtki berdi.

“Prezident Tramp nohaq. Favqulodda holat paytlarida ham prezidentda istaganini qilish uchun to’liq vakolat yo’q”, - deydi Vashingtondagi konservativ “Amerika tadbirkorlik instituti” tahlil markazidan Adam Uayt.

Gubernatorlar bu masalada prezidentga qarshi chiqdi.

"Bitta tugmachani bosib, hayotni normal holatga qaytarish huquqiga ega odam yo’q, vaholanki hozirgi sharoitda bunday tugmachaning o’zi yo’q”, - dedi Michigan gubernatori Gretchen Vitmer.

Pandemiya paytida federal hukumat shtatlarga tibbiy anjomlar va resurslar bilan yordam berib turdi. Kongress iqtisodiyotni jonlantirish uchun ikki trillion dollarlik yordam paketini qabul qildi. Biroq aynan gubernatorlar va merlar o’z aholisining ijtimoiy salomatligi va xavfsizligiga javob beradi, odamlarga uyda o’tirishni, bizneslarni yopishni ham ular buyuradi.

“Prezident iqtisodiyotni yaxshilash istagida. Buning uchun uning ixtiyorida zarur mablag’lar bor. Bu borada uning imkoniyatlari gubernatorlarnikidan keskin farq qiladi. Ular va merlar ijtimoiy xavfsizlikni saqlash maqsadida odamlarga uyda o’tirishni buyurishi mumkin, bu esa o’z navbatida iqtisodiyotni cheklamoqda”, - deydi tahlilchi Uayt.

Bu kabi tortishuvlardan foyda yo’q, chunki normal hayotga qaytishni koronavirus belgilaydi, deydi AQSh bosh infeksionisti Entoni Fauchi.

“Iqtisodiyotning jonlanishi virus tarqalishini nazorat qilish salohiyatiga bog’liq. Cheklovlar yumshatilishi bilan odamlar infeksiyaga yo’liqishiga kafolat beraman”, - deydi tibbiy mutaxassis.

Tramp 1-mayga yaqin ba’zi cheklovlarni yumshatish xususida o’ylanmoqda. Fauchi buni haddan ziyod optimistik reja deb atamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG