Breaking News

Oliy sud Tramp moliyaviy hisobotlarini oshkor etishni buyurishi mumkin


2020-yilda AQSh Oliy sudi Prezident Donald Tramp va uning salkam 500 tijoriy shirkatlardan iborat “Tramp Tashkiloti” birlashmasining moliyaviy hujjatlarini tekshirishga ruxsat berishi kutilmoqda.

Xalqaro hayot - 25-dekabr, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:26 0:00

Korrupsiya holatlari va Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashganini tergov qilgan muxolif demokratlar Trampdan moliyaviy hujjatlarini oshkor etishni talab qilgan.

Joriy yil davomida demokrat qonunchilar va Nyu-York prokurorlari sudlar orqali Trampning moliyaviy hisobotlarini qo’lga kiritishga urindi. 2020-yilda Oliy sud ana shu da’volardan uchtasini mart oyidan boshlab ko’rib chiqadi.

“Trampning puli qayerda, qancha, kasodga uchrash hollari, biznesni qanday yuritgani, Amerika xalqiga biznesi xususida rost so’zlaganmi yoki yolg’on, shularni bilishmoqchi”, - deydi Jorj Vashington universitetidan Todd Belt.

Demokratlar Tramp xorijliklar bilan ish qilishda manfaatlar to’qnashuviga qo’l urganini, soliq to’lashda aldaganini, 2017-yilda qabul qilingan Soliq kodeksidan foyda ko’rganini aniqlash uchun uning soliq deklaratsiyalarini ham anchadan beri talab qilib keladi.

Sudga yo’llangan da’volarda Trampning poytaxt Vashingtondagi mehmonxonasi poraxo’rlikka qarshi qonunni buzgani aytiladi.

“Saudiya Arabistoni Xalqaro Tramp otelida katta tadbir uyushtirgan va prezident buni bilgan. Bu esa Konstitutsiya mualliflari xavotiriga sabab bo’lgan masalaga taqaladi. Ya’ni xorijiy hukumatlar prezidentga ana shunday hadyalar qilib, uning moyilligini qozonmoqchimi?” - deya so’raydi “Jamoat fuqarosi” tashkilotidan Robert Vaysman.

Tramp prezidentlikka saylanganidan keyin o’z shirkatlarini sotishdan bosh tortdi, shu kungacha amalini shaxsiy manfaatlar uchun ishga solganini inkor etib keladi va o’ziga tegishli imoratlardan siyosiy maqsadlarda foydalanishda davom etmoqda.

2019-yil uchinchi choragida Tramp egalik qilayotgan binolarda o’tkazilgan siyosiy tadbirlarda Trampning 2020-yilgi saylov kampaniyasi va Respublikachilar milliy qo’mitasi uchun 125 million dollar yig’ildi.

“Ko’p joylarda otellarim bor. Ular zo’r bo’lgani uchun ham odamlar ulardan foydalanadi”, - deydi Tramp.

Sentabr oyida vitse-prezident Mayk Pens Irlandiyaga safari chog’ida Tramp oromgohida qolgani uchun tanqidga uchradi. Tramp kelasi yili bo’ladigan Katta Yettilik sammitini Mayamidagi oromgohida o’tkazmoqchi bo’ldi, biroq muxolif qonunchilar bosimi sabab rejadan voz kechishga majbur bo’ldi.

Yaqinda “Tramp Tashkiloti” ma’naviy xavotirlar yuzasidan Vashigtondagi Tramp oteli ijara huquqini sotmoqchi ekanini bildirdi. Mehmonxona federal hukumatga qarashli binoda joylashgan bo’lib, “Tramp Tashkiloti” uni 60 yilga ijaraga olgan va ijara huquqini sotish orqali 500 million dollardan ko’p pul ishlamoqchi.

“Oq uy va binoni boshqarayotgan Umumiy xizmatlar boshqarmasi bir tizim bo’laklari bo’lgani uchun bu ish xususiy manfaatlarga xizmat qilishi mumkin degan xavotirlar mavjud”, - deydi “Brennan markazi”dan Rudi Mehrbani.

Noyabr oyida Tramp jamg’armasining saylov kampaniyasi uchun to’plagan pulini o’zlashtirgani haqidagi da’voni hal qilish uchun ikki million dollar to’lashga majbur bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG