Breaking News

Tramp Kapitoliy bosqinini qoraladi


Vashingtonda namoyishchilarning Kapitoliy binosiga bostirib kirganini keskin qoralagan demokrat siyosatchilar Prezident Donald Trampni lavozimidan olishga chaqirmoqda. Ular nazarida, Trampning saylovlar soxtalashtirilgani haqidagi asossiz da’volari isyonga turtki berdi.

Xalqaro hayot – 8-yanvar, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:35 0:00

Saylovda g’alaba qozonganini da’vo qilayotgan Tramp saylov natijalarini o’zgartirish uchun ortiq imkon qolmaganini tan olib, maxsus murojaatida Kapitoliydagi voqealarga munosabat bildirdi.

“Men ham ko’plab amerikaliklar kabi zo’ravonlik, qonunsizlik, ur-yiqitdan g’azabdaman”, - dedi Tramp.

Davlat rahbari Kongress prezident saylovi natijasini tasdiqlaganini tan olsa-da, saylovda uni mag’lub etgan Jo Baydenni g’alaba bilan tabriklamadi.

“Diqqatimni endi hokimiyatni tartibli va silliq ravishda topshirishga qarataman”, - dedi Tramp.

Bayden bo’lgan voqeada Trampni aybladi.

"U eng boshidan demokratik institutlarimizga har tomonlama hujum qildi. Kechagi voqea esa buning avj huqtasi bo’ldi”, - dedi bo’lajak prezident.

Demokratlarning Senat va Vakillar palatasidagi sardorlari Konstitutsiyaning 25-tuzatishi asosida Trampni lavozimidan olishga chaqirmoqda. Bayden o’z nutqida bunga to’xtalmadi.

"U g’alayonni qo’zg’atgani uchun lavozimidan olinishi kerak. Hokimiyatdan ketishiga 13 kun qolgan bo’lsa-da, har bir kun Amerika uchun dahshatli bo’lishi mumkin”, - dedi spiker Nensi Pelosi.

Respublikachi kongressmen Adam Kinzinger ham Trampni chetlatish tarafdori.

"Prezident nafaqat o’z vazifalari yoki qasamyodidan, balki voqelikdan ham uzoqlashganiga ishoralarni ko’ryapmiz”, - dedi u.

25-tuzatishga ko’ra, vitse-prezident yoki vazirlar mahkamasining ko’pchiligi o’z vazifalarini bajarishga noqobil davlat rahbarini ovoz berish orqali lavozimidan chetlatishi mumkin. Biroq na Vitse-prezident Mayk Pens, na Tramp ma’muriyatining boshqa vakillari bu haqda og’iz ochgan.

“Vaqt oz qolganini hisobga olganda bu ishni amalga oshirish ham amaliy, ham qonuniy tomondan qiyin bo’ladi. Imkonsiz emas, ammo o’ta qiyin”, - deydi “Amerika tadbirkorlik instituti” tahlil markazidan Jon Fortye.

Kapitoliyga hujumni tergov qilayotgan federal prokuror g’alayonni qo’zg’atishda qo’li bor har bir odamga ayblov qo’yishini bildirdi. Tramp ham bunday ehtimoldan xoli emas. Namoyish bo’lgan kuni Tramp tarafdorlarini Kapitoliy tomon yurishga da’vat etgan edi.

Pelosining aytishicha, agar vitse-prezident 25-tuzatishni ishga solmasa, Vakillar palatasi Trampga yana bir bor impichment e’lon qilishi mumkin. Quyi palata 2019-yil oxirida Trampni lavozimidan olishga harakat qilgan, biroq respublikachilar ko’pchilikni tashkil etgan Senat o’shanda uni oqlab chiqqan edi. Yangi Senatda demokratlar hozir ko’pchilik.

Vashingtondagi voqealarga aloqadorlik aybi bilan 68 odam hibsga olingan, ba’zilariga davlat idorasiga ruxsatsiz kirish yoki komendant soatiga amal qilmaslik ayblovi qo’yilgan. Bir necha odam Vashingtonga qaytmaslik sharti bilan qo’yib yuborilgan.

Tergov paytida yangi ma’lumotlar aniqlansa, qo’shimcha ayblovlar belgilanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG