Tramp yoqilg’i standartlarini bekor qilmoqchi

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp Michiganda, 15-mart, 2017-yil

Prezident Donald Tramp AQSh avtomobil sanoatini rivojlantirib, ishlab chiqarishni mamlakatda qoldirishga qaratilgan choralarni e’lon qildi. Shu bilan birga, davlat rahbari yoqilg’i standartlarini bekor qilmoqchi. Ekologlar standartlarning tushirilishi atrof-muhit zararlanishiga yetaklashi haqida ogohlantirmoqda.

Michigan shtatiga borgan Tramp avtosanoatni jonlantirishga so’z berdi. U sanoat rahbarlarini ishlab chiqarishni xorijga ko’chirmaslikka chaqirdi.

“Amerikani tark etgan va ishchilarini bo’shatgan kompaniyalarga qarshi chora ko’ramiz”, - dedi u.

Tramp avtomobilni Amerikada ishlab chiqarish qimmatroqqa tushishini anglashini aytib, bunday kompaniyalarga imtiyozlar va’da qildi. Ulardan biri avtomobilning yoqilg’i samaradorligini oshirish standartini tushirish. Amaldagi talablarga ko’ra, 2025-yilga borib, avtomobillar bir litr benzinda 20 kilometrdan kattaroq masofani bosib o’tishi kerak. Avtomobilsozlar bu standartlarga qarshi. Ular nazarida bu mahsulot tannarxini bir necha ming dollarga ko’taradi.

"Xabaringiz bor, bu andozalarni qayta ko’rib chiqamiz. Avtomobillarning yana Amerikada ishlab chiqarilishini istaymiz”, - dedi Tramp.

Amaldagi talablar havoning zararlanishi va buning ta’sirida ro’y berayotgan iqlim o’zgarishiga qarshi kurash maqsadida joriy etilgan edi. Atmosferaga chiqarilayotgan zaharli gazlarning uchdan biri transport sohasi hissasiga to’g’ri keladi. Sog’liqni saqlash mutasaddilari inson salomatligini o’ylash kerak, deydi.

"Standartlarni tushirish nafaqat iqtisodiy masala, balki sog’liqqa ham tegishli. 60 mingdan 80 minggacha amerikalik havoning ifloslanishidan nobud bo’ladi. Prezidentning rejasi sog’lig’imizga ham zarardir", - deydi Viskonsin universitetidan ekolog Jonatan Pats.

Ammo iqlim o’zgarishini tan olmaydigan ayrim kadrlarning Tramp ma’muriyatiga tayinlanishidan bu masalaning prezident uchun ustuvor emasligini bilsa bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG