Noan'anaviy prezident saylovoldi va'dalarini bajarmoqda

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp 20-yanvar kuni prezidentlikni qo’lga olishi bilan saylovoldi va’dalarini bajarishga kirishdi. Yangi rahbar so’nggi kunlarda bir necha farmonga imzo chekib, ichki siyosatining muhim yo’nalishlarini belgilab berdi. Ba’zilarini amalga oshirish oson bo’lmaydi, jamiyatda qarshilik katta.

Donald Tramp yashin tezligi bilan rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Savdoga doir farmonlar imzoladi, davlat aralashuvini kamaytirdi, immigratsiya nazoratini kuchaytirdi.

Biroq Trampning yetti mamlakatdan fuqarolarni AQShga vaqtincha kiritmaslik qarori Amerikada ham, xorijda ham noroziliklarga sabab bo’ldi, natijada mamlakat aeroportlari va ko’chalar namoyishchilar bilan to’ldi.

Demokratlar farmonni qoralab chiqdi.

“Hujjatning hozirgi ko’rinishi mamlakat bo’ylab tushunmovchilik, tartibsizliklarga sabab bo’ldi. Xorijda Amerikaga qarshi bo’lganlar bundan ruhlandi”, - dedi demokrat-senator Chak Shumer.

Tramp saylov kampaniyasi paytida bergan va’dalarimni bajaryapman, deydi.

“O’nlab million amerikaliklar bizga ishonch bildirgani uchun, hokimiyatni xalqqa qaytarishimizga umid qilgani uchun bu ishlarga qo’l urdik”, - dedi u.

Trampning ishlash uslubi oldingi prezidentlarnikidan keskin farq qiladi. Davlat rahbari bayonotlarini Twitter orqali xalqqa yetkazmoqda.

“Davlat boshqaruvining bunday noan’anaviy tarzda yuritilishiga barchamiz ko’nikishimizga to’g’ri keladi”, - deydi Kongress Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan.

Tramp saylov kuni millionlab noqonuniy muhojirlarning raqibi Xillari Klintonga ovoz berganini da’vo qilib, masalani tergov qilishga chaqirdi.

Tahlilchi Jon Fortyening aytishicha, bu kabi masalalar Trampni asosiy ishdan chalg’itib, butun diqqatni dolzarb mavzularga qaratishga halaqit berishi mumkin.

“Tramp ma’muriyati Kongressda respublikachilarning ko’pligidan foydalanib, davlat tibbiy sug’urta dasturini o’zgartirish, soliqlar va davlat nazoratini kamaytirish, xavfsizlik, Meksika bilan chegarada devor qurish kabi yirik loyihalarni amalga oshirishga tez kirishadi”, - deydi u.

Yana bir ekspert Jon Xudak nazarida, Tramp nafaqat o’ziga sodiq saylovchilar, balki qolgan fuqarolar yordamiga ham tayanishi kerak.

“Tramp Klintondan 2,8-2,9 million kam ovoz olgan. Bu bilan Tramp noqonuniiy saylandi demoqchi emasman. Ammo u prezident sifatida barcha amerikaliklar ishonchini qozonishi, siyosati esa aksariyat amerikaliklar qadriyatlariga asoslanishi kerak”, - deydi u.

Ammo ayni shu pallada Tramp uni saylagan fuqarolarga berilgan va’dalarni bajarish bilan ovora.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG