Tramp Xitoyda 250 milliard dollarlik shartnoma imzolagan

  • Amerika Ovozi

Tramp Xitoyda

AQSh Prezidenti Donald Tramp Xitoyga tashrifi chog’ida savdoga doir bir necha shartnoma imzolagan. Ulardan birining qiymati 1,2 milliard dollar ekani aytilmoqda - Xitoy kompaniyasi AQShdan mol va cho’chqa go’shti sotib oladi.

Tramp ikki davlat o’rtasidagi savdoda foyda Xitoy tomonida ekanidan shikoyat qildi.

“Agar iqtisodiy aloqalarimizda muvozanat bo’lsa, har ikki mamlakatga yaxshi bo’ladi. Ammo hozir bir tomonlama bo’lib qolgan, adolatdan emas. Xitoyni bunda ayblamayman. Axir u shunchaki o’z fuqarolari farovonligi uchun boshqa bir mamlakatdan foydalanyapti. Ayb AQShning oldingi rahbarlarida, ular avval savdo kamomadiga yo’l qo’yishdi, so’ng uning kattalashishiga ko’z yumishdi”, - dedi Tramp.

Xitoy Prezidenti Si Zinpinning aytishicha, AQSh va Xitoy savdo bobida ko’p ishlar qilishi mumkin. Xitoyning AQShga sarmoyasi o’sib bormoqda, dedi u. Trampning tashrifi chog’ida 250 milliard dollarga teng shartnomalar imzolandi.

AQSh rahbari Xitoy Bosh vaziri Li Ketsyan bilan ham uchrashdi.

Prezident Tramp Osiyo bo’ylab safari chog’ida Vyetnamda ham bo’lib, Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti – APEK sammitida nutq so’zlaydi.

Danang shahrida o’tadigan anjumanda 21 mamlakat rasmiylari qatnashadi. Jahon aholisi soni va savdo ko’lamining salkam yarmi ana shu mamlakatlar hissasiga to’g’ri keladi.

“Bu dunyoning juda ham muhim qismidir. AQSh iqtisodiyoti kelajagining bir qismini belgilaydi bu davlatlar bilan aloqalar. Mintaqada Amerikaning 90 ming qo’shini bor, demak, xavfsizlik jihatdan ham muhim region. Shimoliy Koreya ham shu hududda joylashgan, dengizda harakatlanishga doir ko’plab muammolar bor”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Mettyu Gudmen.

Prezident Trampning savdoga doir qattiq gaplari va Trans Tinch okeani hamkorlik shartnomasidan chiqishi ketidan Osiyo rahbarlari AQShning mintaqadagi rolini tushunishga harakat qilmoqda.

“Prezidentning bu qarorlari regionda Amerikaga bo’lgan ishonchga putur yetkazdi deb o’ylayman. Hozir biror yangi narsa o’ylab topish zarur. Osiyodagi mamlakatlarni ishontirishga qodir iqtisodiy va savdo strategiyasi kerak, ammo Tramp ma’muriyatidan hech vaqo chiqqani yo’q. Hozirgi safari buning uchun qulay imkoniyat”, - deydi ekspert.

Tramp ma’muriyati ikki tomonlama bitimlarni regional shartnomalardan ustun qo’yadi.

“Prezidentlar Tramp va Si o’zaro uchrashuvi chog’ida savdodagi nomutanosiblikni muhokama qilgan”, - deydi Savdo vaziri Vilbur Ross.

Biroq har bir mamlakat farqli bo’lib, APEK sammiti ular bilan gaplashib olish uchun yaxshi imkoniyat.

“Osiyo mamlakatlari AQShning mintaqada chuqur o’rnashishini istaydi. Shu ma’noda prezidentning regionga borgani yaxshi bo’ldi”, - deydi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Mettyu Gudmen.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG