Breaking News

Tramp tariflar Amerikaga foyda keltirishini aytadi


AQShning savdo hamkorlari bilan ziddiyatlari kuchayib bormoqda. Xitoy Amerikada ishlangan jami 60 milliard dollarga teng 5000 dan ziyod mahsulotlarga tariflarni oshirmoqchi.

Bundan oldin Tramp ma’muriyati Xitoyning 200 milliard dollarlik eksportiga boj to’lovlarini ko’tarishni taklif qildi. Bunday choralar va Xitoy bilan taranglik Amerika biznes hamjamiyatini xavotirga solmoqda.

Donald Trampning aytishicha, AQShda iqtisodiyot yuksalmoqda, jiddiy o’sish kuzatilmoqda, ishsizlik rekord darajaga tushgan.

“Amerika tarixida eng kuchli iqtisodiyotga erishdik. Endi esa shu kungacha Amerikaga zarar keltirgan savdo bitimlarini qayta ko’rib chiqish vaqti keldi”, - dedi Tramp.

AQSh rahbariga ko’ra, tariflar katta foyda keltirmoqda, Amerika g’aznasini to’ldiradi, xalqqa boylik va ish o’rinlari keltiradi.

Biroq prezidentning Kongressdagi partiyadoshlari o’zgacha fikrda.

“Tarif qo’yish siyosati to’g’ri qaror emas. Men ularni qo’llab-quvvatlamayman. Bu soliqning yana bir turi”, - deydi spiker Pol Rayan.

“Savdoga to’siqlar qo’yuvchi harakatlarga ehtiyot bo’lishimiz kerak. Agar tariflarni asossiz oshirsak, qarshi harakatlarga duch kelamiz, o’z eksportlarimiz kattaroq tariflarga uchraydi”, - deydi respublikachi senator Rob Portmen.

Demokratlar ham Trampning bu siyosatidan norozi. Senator Xaydi Xaytkempning aytishicha, Xitoy bilan savdo urushining kuchayishi hosil terishga hozirlik ko’rayotgan amerikalik fermerlarga zarar.

Tariflar iqtisodiyotning ayrim sohalariga taalluqli. Tramp ma’muriyatiga ko’ra, bu urushda Xitoy kattaroq zarar ko’radi, AQSh uchun yaxshiroq shartlarga kelishishga majbur bo’ladi.

“Savdo bitimlari yaxshi bo’lishi kerak. Mamlakatimiz boyroq bo’ladi”, - deydi Tramp.

Amerika kompaniyalari Oq uy ma’muriyatini tariflar bobidagi siyosatni o’zgartirishga chaqirmoqda, aks holda, deydi ular, shu kungacha erishilgan iqtisodiy yutuqlar boy beriladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG