Tramp razvedkachilar bilan uchrashuvda jurnalistlarni yomonladi

  • Amerika Ovozi

Prezidentlik qasamyodi oldidan razvedka idoralarini qoralagan Donald Tramp Markaziy razvedka boshqarmasiga tashrif buyurib, minnatdorchilik bildirdi.

Birinchi to’liq ish kunini yangi rahbar razvedkachilar bilan uchrashuvdan boshladi.

“Mening ma’muriyatim sizni 100 foiz qo’llab-quvvatlaydi. Xizmatingiz mamlakat tinchligi uchun havodek zarur. Sizga hurmatim baland”, - dedi Tramp.

Unga ko’ra, “Islomiy davlat” to’dasini yo’q qilish birinchi darajali vazifa.

“Bu guruhga qarshi anchadan beri kurashyapmiz, lekin natija yo’q. Haqiqiy salohiyatimizni ishga solmaganmiz. O’zimizni cheklab qo’yganmiz. Endi hammasi o’zgaradi”, - deydi Donald Tramp.

Razvedka bilan kelisha olmayotganim safsata, jurnalistlar buni to’qib chiqargan, deydi prezident.

Ammo Rossiya ixtiyorida Trampga qarshi kompromat materiallar borligi haqida mish-mishlar tarqalgach, Tramp razvedka organlarini keskin tanqid qilgan edi.

“Ular bunday soxta xabarlarni jamoatchilikka uzatmasligi kerak edi”, deb yozdi u Twitter tarmog’ida.

Sobiq razvedkachi Aki Peritzga ko’ra, tashrif hech narsani o’zgartirmaydi.

“Razvedka xodimlari aqlli, professional odamlar. Prezident ular oldida maqtovli bir nutq so’zlab, hamma narsani hal qildim, deb o’ylamasin”, - deydi u.

Markaziy razvedka boshqarmasiga yangi rahbar etib Tramp kongressmen, sobiq harbiy va huquqshunos Mayk Pompeoni tanlagan.

Oq uyda o’tgan ilk matbuot anjumanida esa prezident so’zlovchisi Shon Spayser ommaviy axborot vositalarini inauguratsiya marosimini xolis yoritmaganlikda aybladi.

“Olomon hajmini kamaytirib ko’rsatishga urinishlar - sharmandalik”, - deydi Spayser.

Tramp va’da qilgan yangi davr shu tariqa boshlanib ketdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG