Breaking News

Saylovlar oldidan iqlim o'zgarishi AQShda yana qaynoq mavzuga aylanmoqda


Ikki yil oldin Prezident Donald Tramp ko’rsatmasiga ko’ra, AQSh iqlim o’zgarishiga doir Parij bitimidan chiqdi. Hech bir davlat unga ergashmadi va iqlim o’zgarishiga qarshi global kurash to’xtamadi. Biroq Parij anjumanida belgilangan maqsadlarga erishish oson bo’lmayapti.

AQShning Appalachiya mintaqasidagi ko’mir konlari hozir ishlamayapti. Elektr kompaniyalarining yashil energiyaga o’tishi natijasida ko’mirda ishlaydigan elektr stansiyalari birin-ketin yopilmoqda.

Yaqinda ko’mir sanoatiga bag’ishlangan bir anjumanda ko’mir iste’moli kamayishda davom etishi bashorat qilindi.

“Ko’mir sanoatining kuni bitmoqda”, - dedi Kentuki shtati energetika va atrof-muhit vaziri Charlz Sneyveli anjumanda so’zlarkan.

Tramp ma’muriyati ekologik qoidalarni yumshatishga zo’r bersa-da, ko’p yirik korporatsiyalar mustaqil ravishda global isishga qarshi choralar ko’rmoqda.

“Walmart”, “Microsoft”, “Toyota” va boshqa kompaniyalar chiqindi miqdorini kamaytirishga bel bog’larkan, shtat va federal hukumatlarni bu borada dadilroq harakat qilishga undamoqda, deydi mutaxassis Alli Roberts.

“Kompaniyalarning iqlim o’zgarishiga qarshi salohiyati hamda siyosatchilarni dadilroq harakatga undash qobiliyati juda muhimdir”, - deydi u.

2018-yilda Kongressga saylovlarda demokratlarning qo’li baland kelib, iqlim o’zgarishi Vashingtonda yana muhim mavzuga aylangan.

Ayni damda 2020-yil prezident saylovlariga nomzodlar ro’yxatga olinmoqda. Demokratlar iqlim o’zgarishiga qarshi kurashni saylov kampaniyasining muhim qismiga aylantirmoqchi. Ma’lumki, ikkinchi muddatga umid qilayotgan Donald Tramp inson faoliyatining iqlim o’zgarishiga ta’siriga ishonmaydi.

“Demokratlar mashinangizdan ayirib, uyingizning qiymatini tushirmoqchi, millionlab amerikaliklarni ishsiz qoldirmoqchi. Iqlim o’zgarishiga qarshi kurash ko’p pul talab qiladi va bunga faqat biz qodirmiz, bu esa menga yoqmayapti”, - dedi Tramp.

Parij bitimiga a’zo mamlakatlar AQSh ketidan bitimdan chiqmagan bo’lsa-da, hech bir davlat iqlim o’zgarishining olimlar bashorat qilayotgan falokatli ta’sirining oldini olish uchun chiqindilarni belgilangan miqdorda kamaytirishga qo’l urgani ham yo’q, deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

“Vaziyat yomonlashgani sari siyosiy iroda ham susayib bormoqda. Shunisi tushunarsiz”, - deydi u.

Guterrishga ko’ra, sentabr oyida Nyu-Yorkda bo’ladigan anjumanda davlatlar faolroq harakat qilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG