Breaking News

Tramp: Takliflarim qabul qilinmasa, hukumat yopilaversin


AQSh Kongressidagi ikki partiya yana byudjet ustida bahslashar ekan, immigratsiya tizimini o'zgartirish bo'yicha takliflar kelishuvga to'g'anoq bo'lib turibdi. Bolaligida AQShga olib kelingan, shu yerda ulg'aygan hujjatsiz muhojirlar haqida gap ketmoqda. Ularni deportatsiyadan himoya qilib kelgan dastur mart oyida tugaydi.

Prezident Donald Tramp reformalar zaruriyati haqida gapirganda doimo immigrantlar sodir etgan jinoyatlarni ham eslatib o'tadi.

"Takliflarim qabul qilinmasa, hukumat yopilaversin. Immigratsiya tizimidagi nuqsonlarni bartaraf etishimiz kerak", - deydi u.

Bu singari po'pisalardan demokratlar xunob. Ular prezident bilan ishlash mushkul ekanini, Tramp so'zida turmasligini aytmoqda.

"Hukumat allaqachon bir marta yopildi. Yana shunday bo'lishini hech kim istamaydi", - deydi demokratlar sardori Chak Shumer.

DACA dasturi Obama davrida yaratilgan bo'lib, Amerikada katta bo'lgan hujjati yo'q minglab muhojirlarga ishlash, haydovchilik guvohnomasini olish va har ikki yilda statusini yangilab turish imkoniyatini bergan. Prezident Tramp DACAni yopib, bu yoshlarga fuqarolik uchun yo'l ochishga roziligini bildirgan. Ammo prezident shu bilan birga chegarada devor qurish uchun pul so'ramoqda, grin karta lotereya o'yinini bekor qilishni talab qilmoqda.

Ikki partiya a'zolari birgalashib taklif etgan kompromissni Tramp rad etgan. DACA programmasi mart boshida tugatiladi.

"Nafaqat gumanitar inqiroz, balki iqtisodiy inqiroz yoqasida turibmiz", - deydi senator Richard Durbin.

O'tgan oy hukumat yopilganida Senatdagi respublikachilar immigratsiya loyihasini muhokamaga qo'yamiz, deb va'da bergan edi. Ammo 100 a'zoli Senatda nimaga kelishib olinsa ham, 435 a'zoli Vakillar palatasida rad etilishi mumkin.

Palata spikeri Pol Rayan prezidentga ma'qul bo'lgan loyihagina ovozga qo'yiladi, demoqda.

Unga Meksika bilan chegarada baland devor qurish, hujjatsiz yoshlarga fuqarolikni olish imkoniyatini berish, grin karta lotereyasini tugatish hamda oilaviy migratsiya dasturlarini tugatish kiradi. Prezidentning safdoshlari takliflarni qo'llab-quvvatlamoqda.

"Prezident qariyb ikki million odam pasport olishiga yo'l ochmoqchi, demokratlarga bu ma'qul bo'lishi kerak. Chegara xavfsizligini kuchaytirishni ham hammamiz qo'llab-quvvatlaymiz. Qolgan ikki masalani muzokara orqali hal qilsak bo'ladi", - deydi respublikachi Tom Koul.

Kongressda har bir masala bo'yicha va oxirgi daqiqagacha tomonlar doimo tortishadi. Hozircha immigratsion reformalar bo'yicha yakdillik yo'q.

"Prezident yo immigratsiya qonunlarini tushunmaydi, yo ataylab odamlarga noto'g'ri ma'lumot berayapti", - deydi demokrat qonunchi Judi Chu.

Bahslar mart boshigacha davom etishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG