Trampning Kongressga murojaati: nutq tafsilotlari blogimizda

AQSh Prezidenti Donald Tramp Kongressning har ikki palatasi qo'shma majlisida qonunchilarga murojaat qildi. Voqea tafsilotlarini shu yerda kuzating.


08:24 1.3.2017

Tramp mamlakatni birlashishga chaqirdi

Prezident Tramp Kongressga murojaat qilmoqda
Prezident Tramp Kongressga murojaat qilmoqda

Prezident Donald Tramp barcha ishlarini Amerika xalqi manfaatlarini ko'zlab amalga oshirishini aytdi. Xalqning arz-dodiga quloq tutib, immigratsiya tartibini kuchaytirshga kirishdim, dedi u. Unga ko'ra, bu narsa amerikaliklar maoshlarini oshirib, ishsizlarga ish topishga, milliardlab dollar mablag'ni tejab qolishga yordam beradi.

Tramp Meksika bilan chegarada devor qurilishini yana bir bor tilga oldi. Mamlakatga jinoyat va narkotik moddalar kirib kelishini to'sishning eng samarali yo'li shu, dedi u.

AQSh rahbari "radikal islomiy terrorizm"ga qarshi kurashni ham alohida eslatib o'tdi. Muhojirlarni qattiq tekshiruv asosida qabul qilish ana shu kurashning bir qismi bo'lishini qayd etdi.

Ayni paytda immigratsiya tizimini tubdan isloh qilishga chaqirib, bundan buyon muhojirlarni Amerikaga qanday foyda keltira olishiga qarab qabul qilish kerak, dedi.

Trampning aytishicha, Pentagonga "Islomiy davlat" terror guruhini yakson qilish rejasini tuzish vazifasi topshirilgan.

Mamlakat infratuzilmasini qayta qurish ham nutqda alohida tilga olindi. Xorijda trillionlab dollarni isrof qildik; o'z uyimizda esa infratuzilmalarimiz xarob ahvolda, dedi Tramp.

Amerikani buyuk qilishning yagona yo'li, dedi Tramp, fuqarolar manfaatini birinchi o'ringa qo'yishda.

Yangi yo'llar, ko'priklar qurish orqali yoshlarimizga va shaharlarga yangi umid beramiz, dedi Tramp.

Trampning va'da berishicha, tibbiy sug'urtaga oid sobiq prezident Obama davrida qabul qilingan qonun bekor qilinib, o'rniga odamlarga og'irligi tushmaydigan yangisi qabul qilinadi.

07:17 1.3.2017

Tramp Kongressda

AQSh Prezidenti Donald Tramp qonunchilar orasida
AQSh Prezidenti Donald Tramp qonunchilar orasida

​AQSh Kongressining har ikki palatasi Prezident Donald Trampni olqishlar bilan kutib oldi. Uzoq qarsaklar ortidan minbarga chiqqan AQSh rahbari o'z nutqini yahudiy jamoalariga qarshi yuz bergan tahdidlarni qoralashdan boshlab, yovuzlik va nafratga qarshi hali qilinadigan ishlar ko'p ekanini ta'kidladi.

"Amerika xalqiga bergan va'damizning ustidan chiqamiz. Amerika infratuzilmalarini qayta quramiz", - dedi u.

Trampning aytishicha, prezidentlikka saylangandan beri ko'plab AQSh kompaniyalari Amerika iqtisodiyotiga milliardlab dollar sarmoya kiritishga va minglab yangi ish o'rinlarini yaratishga va'da bergan.

06:47 1.3.2017

Qonunchilar Kongressga yig'ildi

Vashington vaqti bilan 21:00 da AQSh Prezidenti Donald Tramp Kongressning har ikki palatasiga murojaat qiladi. Oq uy rasmiylarining aytishicha, Trampning qonunchilar oldida o'qiydigan ilk nutqi haqiqiy odamlar uchun muammolarning haqiqiy yechimini taklif etishga qaratiladi.

"Prezident xalqqa qarata yordam yaqin ekanini aytadi", - dedi prezident ma'muriyatining yetakchi vakillaridan biri.

Trampning nutqi "Amerikacha ruhni yangilash" deb nomlanadi. Unda, asosan, Amerika xalqini himoya qilish va iqtisodiy imkoniyatlar yaratish haqida so'z boradi.

Murojaatda tashqi siyosatga oid ayrim masalalar tilga olinsa-da, alohida mamlakatlar nomi tilga olinishi kutilmayapti. Lekin Tramp nega 12 mamlakatni o'z ichiga oluvchi Trans-Tinch okeani savdo bitimidan chiqishga qaror qilganini izohlab berishi mumkin. Ushbu bitimga erishish uchun Obama ma'muriyati Osiyo va Tinch okeani mamlakatlari bilan uzoq yillar muzokara olib borgan edi.

01:10 1.3.2017

Nutqda qaysi mavzular tilga olinadi?

Prezident Tramp nutqida byudjet mavzusiga alohida e'tibor qaratilishi kutilmoqda. Joriy yil uchun e'lon qilingan hisob-kitobga ko'ra, tashqi yordam va ayrim mahalliy dasturlar qisqartirilib, harbiy sohaga mablag' oshiriladi.

Bundan tashqari, sog'liqni saqlash tizimiga oid o'zgarishlar hamda soliq islohoti haqida ham so'z borishi taxmin qilinyapti.

Tramp hokimiyatga kelishi bilan Barak Obama davrida qabul qilingan sog'liqqa oid qonunni bekor qilishga va uning o'rniga yangisini qabul qilishga va'da bergan. Aholi va demokrat qonunchilar orasida bu o'zgarishlarga qarshilik kuchli.

Tashqi yordam dasturlarining qisqartirilishi ham siyosatchilar va diplomatlar noroziligiga sabab bo'lmoqda. Bunday fikrdagilar orasida hatto harbiylar ham bor. 120 dan ortiq iste'fodagi AQSh generali Kongressdan tashqi yordam va diplomatiya dasturlariga mablag'ni kesmaslikni so'ragan.

Tramp ma'muriyati bugun e'lon qilgan byudjet loyihasiga ko'ra, Pentagonga beriladigan moliyaviy ko'mak miqdori 54 milliard dollarga oshiriladi. Bir qator mahalliy dasturlar esa qisqartirilib, Davlat departamenti va Atrof-muhitni himoya qilish agentligiga beriladigan mablag' kamaytiriladi.

Nutqda immigratsiya masalasi ham muhim mavzulardan biri bo'ladi. Obama muhojirlar sonini kamaytirish, noqonuniy immigrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish yo'lida amaliy harakatlarni boshlagan. Meksika bilan chegarada devor qurish, asosan, musulmonlar yashovchi yetti davlatdan muhojirlarni kiritmaslik qarori allaqachon shov-shuvlarga sabab bo'ldi.

Tramp Kongressga murojaatida bundan buyon immigratsiya siyosati qanday bo'lishiga oydinlik kiritadi.

Ko'proq...

XS
SM
MD
LG