Breaking News

Tramp qonunchilar bilan Suriya masalasida tortishmoqda


Tramp va qonunchilar Turkiyaning Suriyaga qo'shin kiritganini muhokama qilmoqda

AQSh Kongressining har ikki yirik partiyaga mansub a’zolarini Oq uyda qabul qilgan Prezident Donald Tramp amerikalik harbiylarni Suriya shimolidan olib chiqish qarori uchun dakki eshitdi. Qonunchilar nazarida, Trampning bu qarori ketidan Turkiya Suriyaga qo’shin kiritib, Amerikaga “Islomiy davlat” terrorchi guruhiga qarshi kurashda yordam bergan kurdlarga hujum qilishga jur’at etdi.

Xalqaro hayot - 17-oktabr, 2019-yil - Tramp qonunchilar bilan Suriya masalasida tortishmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:10 0:00

Vakillar palatasi Tramp qarorini qoralovchi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi. AQSh rahbari Erdog’anga qo’pol maktub yo’llab, qo’shinlarni Suriyadan chiqarishni talab qilgan. Ayrim manbalarga ko’ra, Erdog’an maktubni o’qimay axlatga tashlagan.

Trampning muxbirlarga aytishicha, u saylov kampaniyasi paytida qo’shinlarni xorijiy urushlardan chiqarishga va’da bergan va hozir va’dasining ustidan chiqyapti.

“Ularni vatanga qaytarish vaqti keldi. Askarlarimiz eson-omon qaytmoqda”, - dedi u.

Tramp Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bilan telefon suhbati paytida Suriyaga kirish uchun yashil chiroq yoqqani haqidagi ayblovlarni inkor etmoqda.

“Muloqotdan so’ng unga qattiq maktub yozdim. Yashil chiroq yoqmaganman”, - dedi u.

Bundan tashqari, Tramp Turkiya po’lati importiga tariflarni oshirib, Turkiyaning Energetika va Mudofaa vazirliklaridagi ayrim mansabdor shaxslarini qora ro’yxatga kiritishni buyurgan, biroq AQSh qonunchilari nazarida, sanksiyalar Suriyada Turkiya armiyasi bir hafta oldin boshlagan qon to’kilishlarini to’xtata olmaydi.

Respublikachi senator Lindsi Gremning aytishicha, AQSh qo’shinlari Suriyada bo’sh qoldirgan yerlar tez egallandi.

“Rossiya va Eron bizga do’st emas. Ular Amerika manfaatlarini himoya qilmaydi. Kurdlar - do’stimiz, ammo biz ularni tashlab ketdik”, - dedi u.

Vakillar palatasidagi 354 nafar qonunchi Trampning qo’shinlarni chiqarish qarorini qoralovchi rezolyutsiyaga ovoz berdi. 60 nafari hujjatga qarshi chiqdi.

Ovoz berishdan so’ng Tramp har ikki partiyaning Kongressdagi vakillari bilan Oq uyda uchrashdi. Xabarlarga ko’ra, Tramp quyi palata spikeri Nensi Pelosini uchinchi darajali siyosatchi deb ataganidan so’ng demokratlar Oq uyni tark etgan.

“Prezident palatadagi ovoz berishda ko’pchilik va hatto respublikachilarning katta qismi uning qaroriga qarshi chiqqanidan shokka tushgan ko’rinadi. Shu sabab uchrashuvni davom ettira olmadik, prezident buni hazm qila olmadi”, - dedi Pelosi.

Respublikachi qonunchilar Pelosini majlisni erta tark etgani uchun tanqid qildi.

“Inqiroz paytida rahbarlar, ularga nima deyilishidan qat’i nazar, o’z o’rnida qolib, muammoni hal qilishga harakat qilishi kerak”, - dedi respublikachilarning quyi palatadagi sardori Kevin Makkarti.

Qonunchilar Trampdan qaroridan voz kechishni talab qilayotgan bir paytda Suriyada hukumat qo’shinlari kurdlar bilan birlashib, Turkiya hujumini qaytarishga hozirlanmoqda. 15-oktabr kuni ular AQSh qo’shinlari tark etgan Manbij shahrini, bir kun o’tib esa strategik hisoblangan Kobani shahrini egallagan. Rossiya ikki taraf o’rtasida to’qnashuvga yo’l qo’ymasligini bildirdi.

Erdog’an 22-oktabr kuni Sochida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi kutilmoqda. Turkiya rahbari bilan ko’rishish uchun Anqaraga borgan AQSh vitse-prezidenti, davlat kotibi va yana bir nechta yuqori lavozimli rasmiysi Vashingtonga qanday natija bilan qaytishi hozircha noma’lum. Erdog’an Suriyadagi harbiy amaliyotni tashqi bosim ostida to’xtatmasligini bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG