Breaking News

Tramp mamlakatdagi ahvol haqida Kongressga hisobot beradi

  • Amerika Ovozi

Trampning 2017-yilda Kongressdagi chiqishidan surat, 28-fevral

AQSh Prezidenti Donald Tramp ertaga seshanba kuni Kongressning har ikki palatasi oldida ikkinchi bor nutq so’zlaydi. Prezidentlarning “Mamlakatdagi ahvol haqida” deb nomlangan an’anaviy yillik murojaatida odatda o’tgan bir yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinadi, bo’lajak rejalar haqida gap boradi, ichki va tashqi siyosatdagi ustuvor yo’nalishlarga urg’u beriladi. Tramp prezidentligining birinchi yilida reytingi eng kam bo’lgan davlat rahbaridir.

Tramp mamlakatdagi ahvol haqida Kongressga hisobot beradi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:35 0:00

Prezidentning Kongressga murojaati Amerika demokratiyasining nafaqat mazmunga, balki ramziy ma’noga boy an’anasidir.

Tramp o’tgan yili inauguratsiyasidan so’ng ham Kongressning har ikki palatasi oldida so’zlagan edi, biroq u mamlakatdagi ahvol haqida bo’lmagan.

“Men bugun chin yurakdan birlik va kuch haqida so’zlamoqchiman”, - degan edi o’shanda Tramp.

Prezident ertangi murojaatida AQShning iqtisodiy yutuqlariga e’tibor berishi kutilmoqda.

“Mamlakatimiz rivojlanmoqda. Iqtisodiyotimiz har qachongidan yuksalgan. Qancha ish o’rinlari yaratilganiga e’tibor bering. Qimmatbaho qog’ozlar bozori bu qadar chaqqon bo’lmagan hali”, - deydi Tramp.

Biroq shunga qaramay, davlat rahbarining reytingi o’sgani yo’q.

Demokratlar Tramp maqsadlarini aniq belgilamagan, deya shikoyat qilmoqda.

“Yetakchi respublikachi qonunchilarning olg’a qadam tashlagisi yo’q. Ular Prezident Trampdan qo’rqadi. Uning munosabati qanday bo’lishini bilishmoqchi. Biroq u partiyadoshlariga hech bir ko’rsatma bermayapti”, - deydi demokratlarning Senatdagi sardori Chak Shumer.

Liderlik institutidan Morton Blekvelning aytishicha, Trampning Kongressdagi nutqi xalq ishonchini qozonish uchun yaxshi imkoniyat.

“Reytinglarda raqamlar respublikachilar foydasiga o’zgarishiga ishonaman. Prezidentning omma orasida obro’si oshib bormoqda”, - deydi u.

“Uchinchi yo’l” sentrist tahlil markazi eksperti Jim Kessler nazarida, Tramp mamlakatni bo’lib qo’ydi.

“Bu kabi murojaatlar saylovchilarga o’zingizni qaytadan tanitish imkonini beradi. Biroq aksariyat saylovchilarning Tramp haqida fikri shakllanib bo’lgan”, - deydi u.

Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashgani haqidagi da’volar bo’yicha tergov Tramp uzra qora bulutdek turibdi. Kuzda Kongressga bo’ladigan saylovlarda shu masala respublikachilarga qimmatga tushishi mumkin, deydi tahlilchi Jon Xudak.

“Tergov qanday ketayotganiga qarab saylovchilar Respublikachilar partiyasi bo’yicha xulosa chiqaradi”, - deydi u.

Kongressga murojaatida Tramp iqtisodiyot, savdo, immigratsiya, Shimoliy Koreya, Afg’oniston va Eron mavzularini ko’tarishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG