Breaking News

AQSh korrupsiyaga qarshi kurashda liderlikni saqlab qola oladimi?


Prezident Donald Tramp
Prezident Donald Tramp

Dunyo bo'ylab korrupsiya darajasini o’rganuvchi “Transparency International” tashkilotiga ko’ra, Donald Tramp ma’muriyatida manfaatlar to’qnashuvi va tanish-bilishchilik bilan bog’liq holatlar haqidagi da’volar AQSh nufuziga putur yetkazadi.

“Hokimiyatning bir qo’lda to’planishi, matbuotga bosimning kuchayishi, manfaatlar to’qnashuvining nazoratdan chiqayotgani haqidagi da’volar bizni tashvishga solmoqda”, - deydi Berlinda asoslangan tashkilot vakili Robert Barrington.

Prezident Tramp “botqoqni quritish”ga, ya’ni xalqdan uzoqlashgan, dardi hokimiyat bo’lgan amaldorlarni chetlatishni va’da qilgan.

Biroq “Transparency International” tashkilotiga ko’ra, Tramp kuyovini o’ziga katta maslahatchi qilib tayinlashi, kompaniyasini sotishdan bosh tortgani Amerikaning korrupsiyaga qarshi global kurash lideri degan imijiga putur yetkazmoqda.

“AQSh bu yo’nalishda muhim ishlar qildi, muvaffaqiyatlarga erishdi, biroq o’zining bu boradagi standartlari tushib ketsa, boshqalarga korrupsiya haqida o’git berishga haqli bo’la oladimi?” - deydi tashkilot vakili.

Shu bilan birga guruh yangi ma’muriyat harakatlarida korrupsiya alomati yo’qligini ta’kidlamoqda. Davlat kotibi bo’lishga nomzod Reks Tillerson bu boradagi da’volarning oldini olish uchun zarur choralar ko’rdi.

“Tillerson “ExonMobil” kompaniyasi rahbarligidan ketishi bilanoq shirkatdagi barcha aksiyalarini sotdi. Prezident va u tayinlagan rasmiylarga nasihat qiluvchi Davlat axloq idorasi unga e’tirozi yo’qligini bildirdi. Ammo boshqa vazirliklarga nomzodlar bo’yicha savollarga barham berilmagan hali”, - deydi tahlilchi Jeykob Parakilas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG