Breaking News

Tramp gripp koronavirusdan halokatliroq ekanini aytmoqda


AQSh Prezidenti Donald Tramp neftning arzonlashishi va koronavirus tarqalishidan jiddiy xavotirda emasligini ko’rsatishga urinmoqda. Shunga qaramay, Oq uy maslahatchilari davlat rahbariga epidemiyaning iqtisodiyotga zararini yumshatishga yordam beruvchi qator tavsiyalarini taqdim etdi.

9-mart kuni Nyu-York fond birjasida aksiyalari eng ko’p sotiladigan 500 ta kompaniyani o’z ichiga olgan “S&P 500” indeksi 7 foizdan ko’pga tushib ketdi.

“Bu biz guvoh bo’lgan eng katta aksiyalar bozori inqirozlaridan biridir. Bungacha 2008-yilgi iqtisodiy tanazzul boshida hamda 1987-yilda bir-ikki marta bundan kattaroq tushish bo’lgan edi. Buni “qora dushanba” deb atasak ham bo’ladi”, - deydi Markets.com eksperti Nil Uilson.

Koronavirusning dunyo bo’ylab tarqalishi moliyaviy birjalarga birinchi zarba bo’lgan bo’lsa, Saudiya Arabistoni va Rossiyaning neft narxlari bo’yicha tortishuvi natijasida qora oltinning arzonlashishi aksiyalarni yanada qadrsizlantirdi.

Prezident Tramp benzinning arzonlashishi xaridor uchun yaxshi ekanini aytib, “soxta xabarlar” jamiyatda vahima uyg’otayotganiga ishora qildi.

Tramp yangi koronavirusga qaraganda grippdan ko’proq odam o’layotganini aytib, grippni deb hayot va iqtisodiy faoliyatda uzilish bo’lmasligini ta’kidladi.

Kuni kecha Tramp iqtisodiy maslahatchilari bilan uchrashib, yangi kasallikning iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish choralarini muhokama qilgan. Maoshdan to’lanadigan soliqlarni kamaytirish, bemorlik uchun beriladigan ta’tillarga qo’shimcha pul ajratish, kichik bizneslarga kreditlar berish shular jumlasidan.

“Bundan eng ko’p zarar ko’rayotgan sohalar - aviakompaniyalar, kruiz operatorlari bilan aloqadamiz. Odamlar ba’zi manzillarga sayohat qilib, boshqa manzillardan o’zlarini vaqtincha tutib turishlarini xohlaymiz”, - dedi Tramp.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG