Breaking News

Trampning matbuot kotibi ham koronavirusga chalingan


Oq uy matbuot kotibi Kayli Makenani
Oq uy matbuot kotibi Kayli Makenani

AQSh davlat rahbarining shifokori Shon Konli bayon qilishicha, o’tgan hafta koronavirusga chalingan Prezident Donald Tramp sog’ayib bormoqda. Oq uyga ko'ra, u bugun kasalxonadan chiqishi mumkin.

Tramp bilan birga uning rafiqasi Melaniya Tramp hamda Oq uydagi yana bir necha odam virus yuqtirgani ma’lum. Bugun Tramp matbuot kotibi Kayli Makenanida ham COVID-19 aniqlangan.

Xalqaro hayot – 5-oktabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:37 0:00

“Dunyoda millionlab odamlar virusga chalinmoqda. Men ular uchun kurashyapman. Nafaqat Amerikada, balki butun dunyo bo’ylab. Koronavirusni yengamiz”, - dedi Tramp o’tgan shanba kasalxonadan turib.

Tramp shifokorlari uni remdesivir, steroid deksametazon dorilari bilan davolashayotganini aytishdi.

Bu o’rtada Trampning demokrat raqibi Jo Bayden saylov kampaniyasini davom ettirmoqda. Uning saylov shtabiga ko’ra, Tramp koronavirus yuqtirishi ketidan salbiy reklamalar to’xtatilgan. Demokratlardan prezidentlikka sobiq nomzod Berni Sanders Trampga salomatlik tiladi.

“Kampaniyamizda Jo Baydenning rahbarlik uslubiga, uning tajribasiga, odamlarni birlashtira olish, murosa qilish va olg’a qadam tashlash qobiliyatiga urg’u beramiz”, - dedi shtab rahbari o’rinbosari Keyt Bedingfild.

Ikki kundan so’ng vitse-prezidentlikka nomzodlar respublikachi Mayk Pens va demokrat Kamala Harris yagona teledebatda bellashadi. Bayden barcha so’rovlarda oldinda ketmoqda.

Tramp saylov shtabida katta maslahatchi Jeyson Millerning aytishicha, prezident virusga qarshi kurashda o’zini haqiqiy lider sifatida ko’rsatmoqda.

“Jo Baydenga o’xshab hayotimizning oxirigacha yerto’lada o’tira olmaymiz. Hayotimizni davom ettirishimiz, vaksinani, virusga qarshi davoni yaratib, uni yengishimiz kerak”, - dedi u.

Respublikachi strateg Alis Styuartning aytishicha, Trampda hozir saylovda kimga ovoz berishni bilmay ikkilanib turgan saylovchilarni o’ziga qaratishiga yaxshi imkoniyat bor.

“Tramp ana shu saylovchilarga murojaat etishi kerak. Pandemiyaning jiddiyligiga urg’u berib, muruvvatliroq ohang bilan ikkilanib turgan saylovchilarni o’z tomoniga og’dirishi lozim”, - deydi mutaxassis.

Bu o’rtada davlat rahbarlari va xorijliklar Trampga sog’lik tilamoqda. Hatto Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro kabi g’anim siyosatchilar ham.

“Afsuski, Prezident Donald Tramp ehtiyot choralarini pisand qilmadi. Tramp Venesuelaning ashaddiy dushmani bo’lsa-da, unga insoniy birdamligimizni bildirgan holda sog’lom hayot tilab qolamiz”, - dedi Maduro.

Venesuela rahbari uning o’g’li va katta opasi Rossiyaning sinovning uchinchi bosqichidan o’tayotgan koronavirusga qarshi “Sputnik-V” vaksinasi bilan emlanishini aytdi.

Vaksina Venesuelaga ikki kun oldin yetkazildi. Ikki mingga yaqin odam sinovda qatnashishi kutilmoqda. Ommaviy emlanish boshlanishi bilan Maduroning o’zi ham vaksina olishini aytmoqda.

Isroil dindorlari Tramp salomatligi uchun duo qilarkan, Tel-Aviv shahrida u va rafiqasiga sog’lik tilovchi bilbord o’rnatildi.

Braziliyada Prezident Jair Bolsonaru tarafdorlari ibodat qilgan. Ma’lumki, Bolsonaruning o’zi ham koronavirusga chalingan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG