Breaking News

AQSh Kongressidagi demokratlar Tramp farmonini tanqid qilmoqda


AQShda koronavirus bilan kasallanganlar soni rasman 5 milliondan osharkan, Kongressda aholiga iqtisodiy yordam berish borasidagi muzokaralar to’xtab qoldi. Prezident Donald Tramp tashabbusni o’z qo’liga olib, ishsizlarga moliyaviy yordamni ko’zlovchi farmon imzoladi.

“Haftasiga 400 dollarlik yordam puli berishga qaror qildim. Bu saxiylik. Xalqqa yana yordam bergimiz keldi. Ayb bizda emas, Xitoyda. Shtatlar nafaqaning 25 foizini to’lab berishi kerak bo’ladi”, - dedi Tramp.

Demokratlar kamida 18 million ishsiz uchun haftalik nafaqani 600 dollar miqdorida saqlab qolishni taklif etarkan, Tramp farmoni muhtojlar ehtiyojlarini qondirmasligini aytadi.

“Prezident farmoni bir tiyinga qimmat. Tramp arzimagan narsalardan katta tomosha qilishni yaxshi ko’radi, bu gal ham shunday bo’ldi”, - dedi Senatda demokratlar sardori Chak Shumer.

Farmonda daromadga solinadigan soliqlar to’lovini kechiktirish ham ko’zda tutilgan.

“Saylovlarni o’tkazishga pul yo’q, pochta xizmatiga yordam berishga pul yo’q, bolalarni boqishga pul kam, uydan haydalish arafasidagi ijarachilarga ham arzigulik yordam yo’q”, - dedi Shumer.

Tramp ma’muriyatiga ko’ra, Kongressdagi qonunchilar kelisha olmayotgan bir paytda prezident tez farmon chiqarishga majbur bo’ldi.

“Demokratlar ko’plab qarshi takliflarni rad etishdi. Prezident vaqtni boy bermay chora ko’rishga majbur bo’ldi. Bu vaqtincha choradir”, - dedi Oq uy iqtisodiy maslahatchisi Larri Kadlou.

Ayrim tanqidchilar Tramp farmonining Konstitutsiyaga xilof ekanini aytib, masala sudga oshirilishini taxmin qilmoqda.

Qonunga ko’ra, sarfiyatlar bilan bog’liq hujjatlarni tasdiqlash vakolati Kongressga tegishli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG