Breaking News

Tramp amerikaliklarni niqob taqishga unday boshladi


Prezident Tramp, koronavirus va niqob masalasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:49 0:00

AQShda koronavirusni yuqtirganlar soni o’sishda davom etmoqda. Aksar amerikaliklar Prezident Tramp pandemiyani eplay olmaganini aytar ekan, kundalik brifinglarni qayta boshladi va aholini niqob taqishga chaqirdi.

“Pyu” tadqiqot markazi so’roviga ko’ra, amerikaliklarning atigi 65 foizi do’konlar va boshqa binolarda niqob taqadi.

Shu paytgacha niqob ahamiyatini kamaytirib ko’rsatgan, uni ixtiyoriy deb kelgan Prezident Tramp “Twitter”da o’z rasmini qo’yib, niqob taqishni “vatanparvarlik” deb atadi.

U, shuningdek, Oq uyda brifinglarni qayta boshlab, niqobdan foydalanish masalasida ilk bor ijobiy fikr bildirdi.

“Mana niqobim bor, o’zim bilan olib yuraman, ishlataman. Hech muammo yo’q. Odamlarga aytadiganim – agar lozim bo’lsa, qayergadir boradigan bo’lsangiz, bir guruh odamlar ichida bo’lsangiz, taqib oling”, - dedi Tramp.

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi aprel oyida ko’rsatmalarini o’zgartirib, yuz va burunni yopib yurish faqat tibbiy xodimlarga emas, barchaga taalluqli ekanini bildirgan edi.

Ammo prezident iyul oyiga qadar omma oldida niqob taqishdan bosh tortdi. Odamlar “erkinlik” istaydi deya, niqob taqishni majburiy etib belgilashni ham xohlamayapti.

So’nggi ommaviy so’rovlarga qaraganda, amerikaliklarning 64 foizi Tramp pandemiyani eplay olmadi degan fikrda.

“Ayniqsa respublikachi gubernatori bo’lgan shtatlarda ahvol chatoq. Ular prezidentga quloq tutib, karantinni erta bekor qilishdi. Ana endi pandemiya bilan bog’liq dahshatli muammolarga yo’liqishmoqda. Bu prezidentning ishini ham qiyinlashtiradi”, - deydi siyosatshunos Norman Ornsteyn.

AQShda virusdan o’lganlar 142 mingdan oshdi, uni yuqtirganlar 4 millionga yaqinlashmoqda. Kasalliklarni nazorat qilish markaziga ko’ra, kasallar soni aslida 10 barobar ko’proq bo’lishi mumkin.

Trampning da’vo qilishicha, raqamlar o’sishi testlar ko’paygani bilan bog’liq. Eskpertlarga ko’ra esa gap koronavirus bo’yicha umummamlakat strategiya qabul qilinmaganida.

“Infeksiyani kamaytira olgan davlatlarda qarorlarni tibbiy mutaxassislar qabul qilayapti, siyosiy rahbariyat mutaxassislarga yordam berayapti. Aholiga aniq tavsiyalar berilmoqda. Odamlar virusga qarshi kurash qanday olib borilayotganini aniq biladi va bu kurashda hamkorlik qiladi. Amerikada esa bu qarorlarni mahalliy gubernatorlarga qo’yib berishdi, chalkashlik shundan”, - deydi professor Vilyam Shaffner.

Infeksiya ko’payishiga qaramasdan dam olish mankanlari, plyajlar odamga to’la. Har bir shtatda qoida har xil. Federal hukumatning niqoblar, testlar va iqtisodiyotni qachon ochish bo’yicha tavsiyalari hanuz ixtiyoriy bo’lib qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG