Amerika fermerlari va ishchilari Trampni quvvatlamoqda

  • Amerika Ovozi

Tramp saylov kampaniyasi paytida ishchilar bilan uchrashmoqda, Indianapolis, 1-dekabr, 2016-yil

Amerikada so’nggi prezident saylovlarida savdo bitimlari va ish o’rinlariga doir munozaralar, asosan, fermerlar va ishchilar diqqatini o’ziga tortdi. Donald Tramp aynan shu yo’nalishlarda jiddiy o’zgarishlar va’da qilgan va saylanganidan so’ng va’dalarini bajarishga kirishdi.

Fermer Vendell Shauman Trans Tinch okeani hamkorlik savdo bitimini qo’llab-quvvatlaganlardan.

“Savdo yaxshi bo’lsa, dunyoga foyda”, - deydi u.

Biroq Donald Tramp prezidentlikka saylanishi bilan saylov kampaniyasi paytida va’da berganday AQShni bu bitimdan chiqardi.

“Endi barcha savdo kelishuvlarini bekor qilmaymiz, degan umiddaman”, - deydi Shauman.

Trampning bu qarori natijasida yangi bozorlar boy berildi. Amerikaning makkajo’xori, soya kabi mahsulotlari qimmatlashdi.

“Savdo bitimi bekor qilinmaganida edi, kuchga kirgach, Yaponiyaning mol va cho’chqa go’shti bozorlarini egallab olardik, makka ham ancha arzonga tushardi”, - deydi Illinoys fermerlar byurosi vakili Tamara Nelsen.

Vendell Shaumanning daromadi kutilganidan oz bo’lsa ham u afsuslanmaydi.

Fermer doktorlik ilmiy darajasiga ega bo’lsa ham, ko’p sayohat qilgan bo’lsa ham Trampga ovoz berganini yashirmaydi.

Gap faqat daromadda emas, deydi u.

“Biz konservativ odamlarmiz. Nazarimizda hukumat yiriklashgan, ehtiyojsiz qoidalar juda ko’p. Xillari Klinton prezidentlikka saylanganida edi, bundan battar bo’lardi. Oliy sudning liberallashganidan qancha zarar kelayotganini hozirdan ko’rib turibmiz”, - deydi u.

Shaumanning fermasidan sal nariroqda oldin xo’jalik mollarini ishlab chiqaruvchi korxona bo’lardi. Jorj Karni u yerda 20 yildan oshiq ishlagan. So’ng korxona Meksikaga ko’chib, Karni ishsiz qoldi. Shimoliy Amerika Erkin savdo bitimini deb shunday bo’ldi, deydi u. O’shandan beri doimiy ish topishga harakat qiladi.

“NAFTA yaxshilik olib kelmadi. O’shandan beri savdo bitimlariga qarshiman”, - deydi u.

Ilgari hamisha demokrat nomzodlarga ovoz bergan Karni bu gal Trampni qo’llab-quvvatladi.

“U sayroqi masxarabozga o’xshaydi. Lekin ishini yaxshi qilyapti. Menga manzur”, - deydi u.

Agar Tramp shunday ketishda davom etsa, deydi Karni, keyingi saylovda ham ovozimni oladi.

“Yana Trampni saylashim mumkin, nega bo’lmasin”, - deydi Karni.

Vendell Shauman Trampning savdo bitimlari bo’yicha fikrlariga qo’shilmasa-da, u ham to’rt yildan so’ng Trampga ovoz berishini yashirmaydi. Albatta, avval NAFTAga qanday tuzatishlar kiritishiga, prezidentlik vazifalarini qanday bajarishiga qarayman, deydi u.

“Ba’zan aytgan gaplaridan uyalasan, kishi, lekin nailoj, u hozir davlatimiz rahbari, to’rt yillik ishiga qarab baho beramiz, ko’ramiz, nima bo’larkan”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG